Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ishonish qiyin ammo, Ishtixonda "Obod qishloq" mablag‘siz qurilmoqda

“Obod qishloq” dasturi asosida joriy yilda viloyatimizning 14 tumanidagi 42 qishloqda ichimlik suvi, ijtimoiy soha, ichki yo‘llar, transport, gaz ta’minotini yaxshilash borasida ishlar olib borilishi belgilangan. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturida belgilangan vazifalar ijrosi uchun jami 308 milliard 841 million so‘m mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilgan. Yilning asosiy qismi ortda qoldi. Xo‘sh, o‘tgan vaqt davomida dastur ijrosi qay darajada bajarildi?

Viloyat moliya boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgacha ushbu dastur ijrosi uchun 175 milliard 356 million so‘m mablag‘ ajratilgan, bu esa belgilangan mablag‘ning 57 foizini tashkil etadi. Dasturga yo‘naltirilgan mablag‘ning 71 foizi respublika va 36 foizi mahalliy byudjet mablag‘lari hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Ishtixon tumanida Sheyxlarkent, Xalqobod va Bo‘ston qishloqlari “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan va bu yerda belgilangan vazifalar ijrosi uchun jami 20 milliard 119 million so‘m mablag‘ rejalashtirilgan. Dastur asosida 3 ta umumta’lim maktabi, 2 tadan maktabgacha ta’lim tashkiloti va qishloq oilaviy poliklinikasi, 41 kilometr yo‘llarni ta’mirlash, elektr energiyasi, gaz ta’minotini yaxshilash, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari qurish belgilangan.

- Hozirgacha yo‘l qurish, suv quduqlari, irrigatsiya tarmoqlarini ta’mirlash, elektr va gaz ta’minoti, bekatlar qurish ijtimoiy soha va aholi xonadonlarini ta’mirlash borasidagi ishlar deyarli yakuniga yetkazildi, - deydi tuman hokimligi bosh mutaxassisi Akmal Ro‘ziqulov. – Maishiy xizmat ko‘rsatish ob’yektlarida ham so‘nggi ishlar olib borilmoqda. Lekin belgilangan mablag‘ hamon ajratilmaganligi bois qurilish-ta’mirlash ishlarini qurilish korxonalari o‘z hisobidan amalga oshirmoqda. Masalan, tasdiqlangan rejaga asosan tumanimizda “Obod qishloq” dasturi uchun 20 milliard 119 million so‘m mablag‘ning 10 milliard 275 million so‘mini respublika byudjetidan, 9 milliard 844 million so‘mini mahalliy byudjetdan ajratish belgilangan. Lekin belgilangan mablag‘ning bor-yo‘g‘i 43 foizi moliyalashtirilgan, xolos. Dasturga kiritilgan qishloqlarda salomatlik, ta’lim va maktabgacha ta’lim tashkilotlarini ta’mirlash uchun 9 milliard 273 million so‘m mablag‘ rejalashtirilgan bo‘lsa-da, hozirgacha 2,6 milliard so‘m, ya’ni rejaning 28 foizi miqdorida mablag‘ ajratilgan.

3 ming 200 dan ortiq aholi istiqomat qiladigan Xalqobod qishlog‘i tuman markazidan 6 kilometr uzoqlikda joylashgan. Dastur asosida 2 milliard 700 million so‘m mablag‘ hisobidan 784 o‘ringa mo‘ljallangan maktab binosining tashqi qismi, tom, eshik-romlari yangilangan, qo‘shimcha 6 ta sinfxona qurilgan. Elektr simlari yangilangan, ko‘mirga moslashtirilgan qozonxonalar o‘rnatilmoqda. “Ishtixon mega beton” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari qisqa muddatda 100 qatnovga mo‘ljallangan ikki qavatli zamonaviy qishloq oilaviy poliklinikasini bunyod etishgan. Jamiyat ish boshqaruvchisi Sa’dulla O‘roqovning aytishicha, bino qurilishi 1 milliard 800 million so‘mga belgilangan, hozir isitish tizimi va so‘nggi pardozlash ishlari olib borilmoqda, ammo haligacha mablag‘ning 10 foizi ham berilmagan. Barcha ishlar jamiyatning o‘z mablag‘i hisobidan bajarilmoqda.

Sheyxlarkent qishlog‘ida aholisi farzandlarining ta’lim olishi uchun dastur asosida 215 o‘quvchiga mo‘ljallangan 84-umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosi qurilib, sentyabr oyidan ish boshlabdi. Ammo sinfxonalarni ko‘zdan kechirganimizda kerakli o‘quv jihozlarini uchratmadik. O‘quvchilar tuproqli maydonda jismoniy tarbiya darsini o‘tyapti, sport zali yo‘q. Bundan tashqari, kimyo, fizika, biologiya sinfxonalarida ham laboratoriya jihozlarisiz dars o‘tilarkan.

- Mahallamizda 427 ta xonadon, 2100 nafar aholi bor, - deydi Sheyxlarkent mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Rustam Mavlonov. – Dastur asosida maktab va maktabgacha ta’lim tashkiloti, 123 ta kam ta’minlangan aholi xonadoni ta’mirlandi, eski simyog‘ochlar yangisiga almashtirildi, tungi yoritkichlar o‘rnatildi. 9,6 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlandi, hunarmandchilik ustaxonasi, hammom, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi va suv inshooti qurildi. Mahalliy hokimlik mablag‘lari hisobidan 3 ta kam ta’minlangan oila uy-joyini ta’mirlash uchun kerakli qurilish materiallari ajratildi.

Mahallada yashovchi 72 yoshli Momoxol Sunniyevaning xonadoni ham hokimlik ko‘magida ta’mirlab berildi. 10 kishi istiqomat qiladigan oila uy-joyini ta’mirlash uchun mablag‘ orttira olmayotgandi, homiylarning ko‘magi bilan xonadoni ta’mirlanganidan onaxon xursand.

Tumanda “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan ob’yektlarning aksariyatida belgilangan mablag‘ ajratilmaganligi bois qurilish ishlari rejadan ortda qolmoqda. Bajarilgan ishlarning katta qismi tadbirkor va homiylar, aholi mablag‘lari, hashar va xayriya tadbirlari hisobidan amalga oshirilmoqda.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV,

Baxtiyor MUSTANOV (foto).