Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Jamoat transportlarida ahvol o‘zgardimi?

So‘nggi vaqtlarda Samarqand viloyati transport boshqarmasi manziliga kelib tushayotgan asosiy murojaatlar jamoat transporti, ya’ni avtobuslar bilan bog‘liq. Ushbu noroziliklar, ayniqsa, qaytim borasida, “Tezcard” to‘lov tizimiga mo‘ljallangan elektron qurilma (validator)larning ishlamasligi, haydovchilarning qo‘pol muomalasi bilan bog‘liq holda yuzaga kelayotgan muammolardir.

Jamoat transportining talab darajasida ishlashini ta’minlash maqsadida Samarqand viloyati transport boshqarmasi avtomobillarda tashuvlar xavfsizligini ta’minlash yuzasidan nazorat qilish bo‘limi inspektorlari imkon qadar har bir avtobusni ko‘zdan kechirmoqda. Unda qaytimlarning mavjudligini, validatorlarning ishlashini tekshirish barobarida haydovchilarga yo‘lovchilar bilan xushmuomalada bo‘lishi lozimligi tushuntirilayapti. Bundan tashqari, viloyat transport boshqarmasi mutasaddilari avtotransport sohasida faoliyat yuritayotgan har bir avtokorxona rahbarlari bilan alohida suhbat o‘tkazib, yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf qilish emas, balki uning oldini olish uchun birgalikda harakat qilishga chaqiryapti. Chunki “kasalni davolashdan ko‘ra, oldini olgan” afzaldir.

Hozirgi kunda jamoat transporti bilan bog‘liq muammolarga chek qo‘yish maqsadida viloyat transport boshqarmasi inspektorlari tomonidan barcha yo‘nalishdagi avtobuslar imkon qadar nazorat qilinmoqda. Unda asosan avtobuslarning dezinfeksiyalanish jarayoni, tashqi va ichki jihatdan ozodaligi, sanitariya qoidalariga amal qilinishi, qaytim uchun mo‘ljallangan 200, 500 so‘mlik miqdordagi tanga pullarning yetarli darajada ekanligi, “Tezcard” elektron to‘lov kartalari uchun validatorlarning mavjudligi, salonda o‘tirgichlarning to‘liqligi, yo‘lovchilar sonining 25 nafardan oshmasligiga e’tibor qaratilayapti. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish choralari ko‘rilmoqda.

Shu o‘rinda hurmatli yo‘lovchilarimizdan belgilangan tartib-qoidalarga amal qilishlarini iltimos qilamiz.

Jamoat transportidan foydalanganda quyidagilarga e’tibor berish lozim:

- xavfsizlik nuqtai nazaridan avtobus saloniga kirishda orqa eshikdan, manzilga etgach, old eshiklardan foydalaning;

- avtobus salonida o‘zaro yoki telefonda baland ovozda suhbatlashish atrofdagilar uchun noqulaylik tug‘dirishini unutmang;

- manzilingizga yaqinlashgach, salondan chiqish uchun imkon qadar tayyorgarlik ko‘ring;

- keksalar, nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilar, homilador va yosh bolali ayollarga hurmat ko‘rsating;

- harakat vaqtida har xil savollar bilan haydovchini chalg‘itmang;

- avtobus saloniga chiqindi tashlash man qilinadi, buni yodda tuting;

- avtobus salonidagi jihozlarga zarar etkazmang;

- avtobus salonidagi o‘tirgichlar yozuv taxtasi emas, buni unutmang;

- avtobus faqatgina bekatlarda to‘xtashini yodda tuting;

- ijtimoiy masofani saqlash maqsadida tirbandlik yuzaga kelgan avtobus saloniga chiqmang;

- atrofdagilarga zarar yetkazadigan darajadagi ustki kiyim bilan avtobusga chiqmang;

- spirtli ichimliklar iste’mol qilgan yo‘lovchilar avtobus saloniga qo‘yilmasligini yodda tuting;

- niqobsiz yo‘lovchi avtobus saloniga kiritilmaydi;

- yo‘lovchilarning avtobusda tez yonuvchan, portlovchi, zaharli, radioaktiv moddalar va ashyolarni, shuningdek, g‘ilofsiz o‘qotar qurol, tig‘li va keskir ashyolarni olib yurishlari man etiladi.

- jamoat transportidan foydalanishdan oldin va keyin antiseptik vositalardan foydalanishni maslahat beramiz.

 

Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati.

 

Tahririyatdan: Boshqarmaning ushbu ma’lumotlariga qanday munosabatdasiz? Rostdan ham shahrimizdagi jamoat transportlarida ahvol o‘zgardimi?

Fikrlaringizni @zarafshonbot manzilimizda kutamiz.