Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

"Kvazarlar ovi" yoxud o‘n uch milliard yilda Yerga yetib kelgan yorug‘lik

Kaliforniya (AQSh) texnologiya instituti astrofiziklari "kvazarlarni ovlash"ning navbatdagi bosqichida yana bir kvazarni aniqladilar, deb yozadi "NLO" jurnali o‘zining 2002 yil, 16-sonida.

Kvazarlar - eng olis kosmik ob’yektlardan, ularni faqat qudratli teleskoplar orqaligina ko‘rish mumkin. Ulardan ayrimlari bizdan o‘n besh milliard yorug‘lik yili narida va hozirda fanga mingta kvazarlar ma’lum. Yangi kashf qilingan ob’yekt Yerdan shunchalik olisdaki, tasavvur ham qilib bo‘lmaydi.

Kvazarlar - noyob, aql bovar qilmas nisbatan kichik kosmik ob’yektlardir. Ular bizning koinot shakllanishi tongida paydo bo‘lgan va ehtimol atrofidagi moddalarni yutib yuboruvchi ulkan qora tuynukni namoyon qiladi. Agar kvazarlardan biri Quyosh sistemasiga teng hajmgacha siqilsa, u ulkan miqdorda - bizning butun galaktikamiznikidan o‘n ming marta ko‘p energiya nurlantiradi. Kvazarlar yorug‘ligi shunchalik kuchliki, agar osmondagi yulduzlar masofasida joylashtirilsa xuddi Quyoshdek yorqin nur sochgan bo‘lardi va Quyoshimiz uning oldida xira yulduzdek bo‘lib qolardi.

- Bunchalik olisdagi kvazarni aniqlash ehtimoli shunchalik kamki, bizning omadimiz keldi, - deydi doktor Shtern. - Agar kvazarni "qizil ko‘chishi" - koinotning kengayishidan ob’yektni zudlik bilan bizdan qochishi ro‘y bermaganida uni sezmasdik ham. Chunki ob’yekt qancha uzoqlashsa, uning yorug‘lik to‘lqini shunchalik uzayadi. Ya’ni, uning nurlanishi ko‘chishi spektorning qizil tomoniga qarab ortib boradi. Bunday ko‘chish qancha ko‘p bo‘lsa, ob’yektgacha masofa shuncha uzayaveradi. Biz aniqlagan kvazardan yorug‘lik to‘lqini Yerga o‘n uch milliard yilda yetib kelgan. Bu shuni bildiradiki, u hali bizning Koinot go‘dakligida ham mavjud bo‘lgan!

Kvazarlarni o‘rganayotgan olimlar koinot qachon, qanday qilib, bir massadan galaktikalarga parchalanib ketgan va bugungi ko‘rinishni olgan degan muhim savolga javob topishdan umidvorlar. Kaliforniya texnologiya instituti olimlari kashfiyoti katta portlashdan keyin qayerda va qanday qilib supermassiv qora tuynuk va kvazarlar hamda boshqa ob’yektlar hosil bo‘lganini tushunishga imkon beradi.

Olis galaktikalardan ko‘ra kvazarlarning bizga yorqin ko‘rinishi koinotda kvazarlar va bizning o‘rtamizda uzoq vaqt oralig‘i yaratilganini bilishga imkon berdi.

Yaqinda Kanar orollarida o‘rnatilgan Nyuton nomidagi 2,5 metrlik teleskop yordamida yana bir kvazar aniqlandi. Uning yorug‘ligi Shtern guruhi aniqlagan kvazarnikidan o‘n marta kuchliroqdir. Hozircha u haqda boshqa ma’lumotlar ma’lum emas. Negaki kvazarlar tabiati hozirgacha oxirigacha o‘rganilmagan. Yaqin kelajakda ushbu ob’yektlar ilm-fan olamida juda ko‘p katta ilmiy shov-shuvlarga sabab bo‘lsa ajabmas.

T.ShOMURODOV tayyorladi.