Ma’rifat bilan yashnagay ilm-fan, ijod

Bugun yurtimizda yoshlarning bilim olishi, ularning turli sohalarda o‘z iqtidorini namoyish etishi uchun barcha imkoniyatlar eshigi ochiq. Yaqin o‘tmishimizda erkin ijod qilish, ilm-fan bilan mashg‘ul bo‘lishimiz uchun qancha-qancha insonlarning zahmatli mehnati, kerak bo‘lsa, aziz jonlari fido bo‘lgan. Shunday insonlardan biri, buyuk ma’rifatparvar adibimiz Abdulla Avloniy hisoblanadi. Avloniy asarlar yozish bilan bir qatorda, maktablar ochish, xalqni savodxon qilish, o‘zbek xotin-qizlarini o‘qitish, o‘qituvchilar va ziyolilar tayyorlash bilan shug‘ullandi. U o‘zining ma’rifat nurlari bilan sug‘orilgan g‘oyalarida xalqimizning ongini rivojlantirishga harakat qildi.

Jumladan, Avloniy o‘z asarlarida maktab yoshidagi bolalarning fikr doirasini kengaytirish, ularda maktab va kitobga, mehnatga, tabiatga, Vatanga muhabbat uyg‘otishni maqsad qilgan. "Turkiy Guliston yoxud axloq" asarida shunday deydi: “Alhosil tarbiya biz uchun yo hayot - yo mamot, yo najot - yo halokat, yo saodat - yo falokat masalasidur", deydi ma’rifatparvar adib.

Darhaqiqat, tarbiya insonni yuksaklikka yoki tubanlikka eltuvchi asosiy vosita. Chunki Vatan taqdirini yoshlar tarbiyasi hal qiladi.

Ilm-fanning, san’at va ijodning gullab yashnashi, ravnaq topishida muhim rol o‘ynagan ma’rifatparvar jadidlar xotirasi biz, yosh avlod qalbida mangu yashaydi.

Rushana ABDURAShIDOVA,

TDPU talabasi.