Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mirzo Ulug‘bek: "Onamning ismi-yu ko‘zlarigina gavhar emas, balki aqli ham gavhar edi"

Yodimizda 2001 yillarning boshlarida professor Rustam Xolmurodov Mirzo Ulug‘bek oliy madrasasining bevosita vorisi Samarqand davlat universiteti ekanligi haqida ezgu tashabbus bilan chiqqan edi.

Bu tashabbusni ma’qullab ilmiy jamoatchilik ommaviy axborot vositalarida qator maqolalar, televideniyada qator ko‘rsatuvlar namoyish qilindi. Nazarimizda, har qanday ezgu tashabbusning amalda ijobat bo‘lmog‘i uchun ma’lum bir vaqt, bir muncha sinovli jarayondan o‘tmog‘i lozim. Aslida, bu tashabbus zamirida 1420 yilda Mirzo Ulug‘bek tomonidan asos solingan oliy madrasaning vorisi Samarqand davlat universiteti ekanligini e’tirof etish hamda ta’lim tizimi tarixi bilan bog‘liq tarixiy haqiqatni xolisona tiklash bilan bog‘liq xulosa o‘z aksini topgan.

Bugungi kunga kelib bu tashabbus yana qaytadan keng ilmiy jamoatchilikka taqdim etildi. Ular tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalarni inobatga olib, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining VI-chaqiriq, 10 sessiyasida muhim qaror qabul qilindi. Bu muhim hujjat ma’rifatparvar, buyuk alloma Mirzo Ulug‘bekning sha’niga bildirilgan hurmat va ehtirom ramzidir.

Asrlar osha faoliyat olib borgan, bugunga kelib, o‘z qadr-qimmatini topgan oliy madrasa bunyodkori Mirzo Ulug‘bekning fidoyiligi haqida so‘z ketganda, bevosita uni ilm ahliga hadya etgan volidai muhtaramasi Gavharshodbegimning yorqin siymosi ko‘z oldimizga keladi. U temuriylar sulolasida yorqin yulduz, shohlar ichidan chiqqan buyuk olim, bunyodkor inson Mirzo Ulug‘bekning onasi Gavharshodbegim bo‘lib, o‘zining donoligi, tadbirkorligi, bunyodkorligi bilan tarixga o‘z nomini muhrlagan malikalardan biri.

Bo‘lg‘usi malika Xorazmda hukmronlik qilgan sovfiylar sulolasiga mansub, Chig‘atoy ulusi nayman amirlaridan G‘iyosiddin Tarxonning qizi bo‘lib Amir Temurning to‘rtinchi o‘g‘li, Xuroson hukmdori Shohruh Mirzoning rafiqasidir.

Muarrix Sharafiddin Ali Yazdiy Shohruh Mirzo va Gavharshodbegimning to‘ylari temuriyzoda aka-uka Muhammad Sulton va Pir Muhammad Mirzo birga o‘tganligini quyidagicha ta’riflaydi: "Har biriga bir huri najot qizni sha’riy mutahhara yo‘sini bila berdi va Bog‘i Bihishtda to‘y qildi". Bu voqea xijriy 790 (milodiy 1388) yilda sodir bo‘ladi. Nikoh marosimidan so‘ng ular Hirotga qaytib keladilar. Bu nikohdan uch o‘g‘il (Ulug‘bek Mirzo, Boysunqur Mirzo, Jo‘ki Mirzo) va ikki qiz farzand tug‘iladi.

Malikaning shaxsiy fazilatlari haqida atroflicha ma’lumot beruvchi manbalardan biri, Abdurazzoq Samarqandiyning "Matla’i savdayin va majmai - bahrayin" asaridir. Muarrix shaxsan ko‘rganligi va bilganligini asarning 41 o‘rnida tilga oladi. Muallif uni tasvirlaganda turli ta’rif-tavsif, badiiy tashbihlarni keltiradi. Bir o‘rinda "og‘oyi" desa, ikkinchi o‘rinda "mahdi ulyo" (podshohning katta xotiniga beriladigan unvon), deb ataydi. Ayrim tadbirlar tasvirida malikani hatto Sabo‘ mamlakatning malikasi, payg‘ambar Sulaymonning xotini Bilqis nomi bilan ham ataydi. Bu ta’riflar uning tashqi qiyofasiga uyg‘un bo‘lib, uning shohona bazmlardagi ishtiroki, shu bazmga mos liboslar bilan ko‘z oldimizga keladi.

Shohruh Mirzo nihoyatda halim tabiat, madaniyatli kishi bo‘lib, farzandlari va nabiralariga qanchalik e’tiborli bo‘lgan bo‘lsa, ularni dunyoga keltirgan malikalarning hurmatini hamisha o‘z o‘rniga qo‘ygan. Ayniqsa, Gavharshodbegim o‘z aql-idroki, tadbirkorligi, husnu latofati bilan Shohruh Mirzoning ishonchini qozongan. Ayrim paytlarda u devon va saltanatni boshqarishda Gavharshodbegimning maslahatiga tayangan. Hatto, devon ishlarini boshqarish, lavozimga tayinlash, in’om berish, aybdorlarni jazolash huquqiga ham ega bo‘lgan.

Tarixchi olim Amriddin Berdimurodov o‘zining "Samarqand tarixidan tomchilar" nomli maqolalar to‘plamida Gavharshodbegimning hatto shaxsiy muhrga ega bo‘lganligini aytib o‘tadiki, bu malikaning ayrim davlat ishlarida o‘zi shaxsiy qaror qabul qilib, uning ijrosini kuzatganini, tasdiqlaganini ko‘rsatadi. U to‘q yashil mohtobdan, to‘q yashil rangda, (nefritdan) bodomsimon shaklda yasalgan bo‘lib, sirtiga suls yozuvida arabcha xat bilan "Gavharshodbegim G‘iyosiddin Tarxonning qizi", deb yozilgan. Malikaning bu muhri bugungi kungacha yetib kelgan u juda katta siyosiy kuchga ega bo‘lib, tosh o‘ymakorligining go‘zal namunasidir. Bu noyob yodgorlik sifatida hozirda Sankt-Peterburgdagi Ermitaj muzeyida CA-13650 raqami ostida saqlanadi. Muhr taxminan 1457 yillarda ishlangan.

Tabiatida bunyodkorlik xususiyati bo‘lgan malikaning farmoniga ko‘ra, Mashhaddagi mashhur qadamjo bo‘lgan Imom Rizo qabri yonida 1418 yilda g‘oyatda hashamatli masjidi jome’ qurilishi boshlanadi. Muarrix Abdurazzoq Samarqandiy bu qurilish haqida ma’lumotlar berib o‘tgan.

Manbalarda berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Gavharshodbegimning to‘ng‘ich farzandi Mirzo Ulug‘bekning tarbiyasi go‘dakligidayoq Samarqandga keltirib Bibixonimga topshirilgan. Malika o‘g‘lini ko‘rish uchun Samarqandga kelib turgan. Malikaning navbatdagi tashrifi 1420 yilga to‘g‘ri keladi. Bu sanada Mirzo Ulug‘bek o‘zi barpo etgan madrasayi oliyani qurib bitkazgan bo‘lib, o‘z faoliyatini boshlagan edi.

Mirzo Ulug‘bek barpo etgan ulug‘vor madrasayi oliyani ko‘rgach, uning go‘zalligiga maftun bo‘lgan malika Hirotda ham shunday madrasa qurish niyatini ko‘ngliga tugadi. Shunda u madrasaning tarhini chizgan me’mor va mohir ustalar kim ekanligini bilishga qiziqadi va ularni Hirotga taklif etib, qurilish ishlarini boshlab yuboradi. Oradan 12 yil o‘tib, Hirotda Musallo ansambli qad ko‘taradi. Musallo ansamblida qad ko‘targan inshootlarni ko‘rgan Samarqandiy, ayniqsa, madrasaning muhtasham va baland bo‘lib qurilganligini, me’morlarning mahoratiga, naqqoshlarning zeb bergan naqshiga yuksak baho beradi. Madrasaning ochilishi juma kuniga to‘g‘ri kelgan bo‘lib, bu marosimda Shohruh Mirzo ham qatnashganligi manbalarda qayd etilgan. Ma’lumki, 1447 yil 14 mart kuni Shohruh Mirzo vafot etadi. Uning jasadi Samarqandga olib ketilishida Ulug‘bek Mirzoning ishtiroki haqida ham ma’lumotlar berilgan.

Hirotdagi Gavharshodbegim madrasasi uning vafotidan so‘ng o‘z davri uchun ham, keyingi davrlar uchun ham turli mutaxassislar tayyorlovchi ilm-ma’rifat markazi sifatida faoliyat olib borgan. Muarrix Gavharshodbegimning fojiali vafoti tafsilotlarini bayon qilar ekan, Shohruh Mirzodan so‘ng ularning nabiralari taxt talashadi. Oqibatda Xuroson taxti uchun kurash boshlanib, fitnalar avj oladi. Ushbu fitnalarning ayrimlari Gavharshodbegimga qaratilgan bo‘lib, 1457 yil 31 iyul kuni sakson yoshni qoralab qolgan Gavharshodbegim qatl etiladi va o‘zi qurdirgan madrasa qoshidagi xonaqohga dafn etiladi. Bu qotillik Abu Said Mirzo farmoni bilan amalga oshiriladi...

Hayotining katta qismi shohona bazmlar, to‘yu shodiyonalar, bunyodkorlik ishlariga boy bo‘lgan Gavharshodbegim umrining oxiri fojialar va qayg‘ular bilan o‘tdi. Bir so‘zli, shijoatkor malika bir necha marta farzand dog‘ini ko‘rdi. Katta o‘g‘li Ulug‘bekning o‘ldirilganida na uning jasadini va na qabrini ko‘rolmadi. San’at oshuftasi Boysun Mirzo 38 yoshida vafot etdi. Kenja o‘g‘li Muhammad Jo‘kiy 44 yoshida vafot etib, malikaning qaddini egib ketdi. Keksayib, g‘am kulfati girdobida qolgan malika Mirzo Ulug‘bekning vafotidan so‘ng sakkiz yil umr ko‘radi.

Tarixchi Abdurazzoq Samarqandiy Gavharshodbegim o‘zi qurdirgan madrasa xonaqohiga nafaqat o‘zi, balki keyinchalik uning o‘g‘illari, nabiralari bir nechta temuriy shahzodalar xonaqohiga aylantirilganligini aytib o‘tadi. Bu xonaqoh va madrasa hozir ham mavjud bo‘lib, Hirotdagi eng ziyoratgoh joylardan biridir.

Tarixda asrlar, yillar o‘tgan sayin ayrim tarixiy voqealar biroz xira tortib unutilishi mumkin. Ammo ezgu ishlarni amalga oshirgan, kashfiyotlar yaratgan tarixiy shaxslar nomi mangulikka dahldor.

Gavharshodbegimning ma’rifatparvar sifatida barpo etgan madrasasi, masjidu xonaqohi me’moriy yodgorlik sifatida hozirda ham Hirotda qad ko‘tarib turibdi.

Qobul shahrida 2003 yilda ochilgan xotin-qizlar universiteti faoliyat olib bormoqda. Universitet malika Gavharshodbegimning hurmati va ehtiromi ramzi sifatida uning nomi bilan yuritilmoqda.

Mirzo Ulug‘bekdek allomani dunyoga keltirgan Gavharshodbegim nomi yurtimizda e’zozlanib kelinmoqda. Uning ezgu ishlari haqida B.Ahmedov, A.O‘rinboyev, A.Ahmedov, U.Uvatov, A.Berdimurodovlar ilmiy tadqiqot ishlarini olib borgan. Ayniqsa, Turg‘un Fayziyevning temuriy malikalar haqidagi risolasi jiddiy tadqiqotlardan biridir.

Badiiy adabiyotda ham bir qancha shoir va yozuvchilardan Poyon Ravshanov, Maqsud Shayxzoda, Pirimqul Qodirov, Muhammad Ali, Shahodat Isaxonovalarning asarlarida Gavharshodbegimning o‘chmas siymosi o‘z aksini topgan. Bugungi kunda tolmas ma’rifatchi, ulug‘ bunyodkor Mirzo Ulug‘bekning ilm-ma’rifat homiysi sifatida tilga olinayotganligi, u barpo etgan madrasayi oliyasi - Samarqand davlat universiteti vorisi ekanligi e’tirof etilayotganida uning volidasi Gavharshodbegimni yodga olish ezgu ishlardan biridir. Qaysidir ma’noda Mirzo Ulug‘bekdagi bunyodkorlik, ma’rifatparvarlik tuyg‘usi ona qonidan o‘tganligini unutmaslik lozim, deb o‘ylaymiz.

Mirzo Ulug‘bek, bir o‘rinda onasi haqida go‘zal tashbehni aytib o‘tgan ekan. "Onamning ismi-yu ko‘zlarigina gavhar emas, balki aqli ham gavhar edi".

Darhaqiqat, Mirzo Ulug‘bek ana shu gavharlarning eng noyob, qimmatlilaridan biri ekanligini bugun insoniyat e’tirof etayotganligi ayni haqiqatdir.

 

Mahkamoy TURSUNOVA,

SamDU professori v.b.

Sharofat TO‘XLIYeVA,

SamDU xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi, kengash raisi, f.f.n., dotsent

O‘zA.