Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Niqob taqish shartmi? Rossiya va boshqa davlatlardagi vaziyat

Bugungi kunga kelib Rossiya Federatsiyasi koronavirus bilan kasallanganlar soni bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinni band etib turibdi, biroq shunga qaramasdan rossiyaliklar ko‘chalarda va jamoat joylarida niqobsiz harakatlanayotgani kuzatilmoqda. Ko‘chada niqobsiz yurish qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligiga bugun Rossiya va boshqa bir qator mamlakatlar misolida javob berishga harakat qilamiz.

JSSTning tavsiyasiga ko‘ra, niqobni faqatgina kasallanganlar va kasallanganlar bilan muloqotda bo‘lganlar taqishi lozim, agar inson sog‘lom bo‘lsa niqob taqish kerak emas. Biroq, kim sog‘lom, kim kasallanganini qayerdan bilish mumkin? Ehtiyot chorasini ko‘rib niqob taqib yurgan ma’qul emasmi?

Dunyoga mashhur The Lancet tibbiyot jurnali olib borgan tadqiqotga ko‘ra, bu borada turli davlatlar turlicha yo‘l tutmoqda. 

Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya davlatlarida COVID-19 epidemiyasi boshlanishi bilan hamma zudlik bilan niqob taqdi. Bunday yo‘l tutish mo‘ljalli xavfdan himoyalanish deb ataladi, ya’ni infeksiya tarqalish xavfi yuqori bo‘lganda, uni nazorat qilish va xavfsizlikni ta’minlash birinchi o‘ringa ko‘tariladi.

AQSh va Buyuk Britaniya kabi mamlakatlar umuman boshqacha yo‘l tutdilar, mazkur davlatlarda niqob taqish faqatgina tavsiya etildi u ham bo‘lsa faqatgina jamoat joylarida.

Rossiyada koronavirus bilan bog‘liq vaziyat qanday? Nega odamlar niqob taqishdan bosh tortmoqda?

4 avgust holatiga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasida 856 264 nafar koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holati qayd etilgan va ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha Rossiya, yuqorida qayd etganimizdek, dunyoda to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi.

Rossiyada koronavirus bilan bog‘liq bo‘lib turgan vaziyat keskin bo‘lishiga qaramasdan odamlar niqob taqishdan bosh tortmoqda. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, mamlakatda bunday holat kuzatilishiga ikkita asosiy sabab bor. Birinchidan, Rossiyada har bir hudud yoki viloyatda karantin choralari borasidagi taqiqlar mahalliy gubernatorlar tomonidan joriy etildi. Shu bois odamlar turli taqiqlarga jiddiy e’tibor bermadi, niqob taqmaganligi uchun jarima puli yuqori bo‘lgan hududlardagina niqoblar nisbatan ko‘proq taqildi. Ammo bu holat ham uzoqqa cho‘zilmadi, karantin choralari, jamoat joylarda niqob taqish sharti saqlanib qolgan holda (faqat qog‘ozda), mamlakat bo‘ylab bekor qilindi.  

“Biz bu haqida har bir selektorda eslatib o‘tamiz, ammo barcha xotirjamlikka berilgandek taassurot qolmoqda, go‘yo koronavirus o‘z-o‘zidan qayergadir yo‘qolib qolgandek. Barcha tarmoqli do‘kon va supermarketlar, o‘zini o‘zi alohidalash rejimi bekor qilinganidan so‘ng, Rossiya iste’molchilar nazorati talablarini bajarishlarini ta’kidlagan edilar. Ammo do‘konlardagi kassirlar, sotuvchilar va iste’molchilar umuman niqobsiz muloqot qilishmoqda”, - dedi savdo va xizmat ko‘rsatish departamenti Moskva RBK rahbari Aleksey Nemeryuk 31 iyul kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunga kelib Moskva shahrining faqatgina uchdan bir qismi jamoat joylarida niqob taqib yuribdi.

“Shu sababdan ham Moskva shahri do‘konlarida niqob taqish rejimi ustidan nazorat kuchaytiriladi”, - ta’kidladi u.    

Ikkinchidan, Tibbiy-biologik muammolar Institutini (TBMI) ijtimoiy va kognitiv psixologiya laboratoriyasi yetakchi mutaxassisi Anna Yusupovaning so‘zlariga ko‘ra, “rad etish – bu xavfga nisbatan yuzaga keladigan sarosimaga eng ommalashgan javoblardan biri bo‘lib, og‘ir vaziyatni tan olmaslik va rad etish, qabul qilishni osonlashtiradi”.   

Uning ta’kidlashicha, bunday odamlar bir tarafdan, o‘z sarosimasi bilan muammoni hal eta olmaydilar va ikkinchi tarafdan epidemiologik vaziyatni og‘irlashishiga sabab bo‘ladilar. Bundan tashqari, rasmiy ma’lumotlarga ishonmaslik ham rad etishga sabab bo‘ladi.

Shu bilan birga, Yusupova bu holat nafaqat Rossiyada, balki boshqa mamlakatlarda ham kuzatilayotganini aytib o‘tdi. U Yevropa davlatlarini misol tariqasida keltirib o‘tdi.

- Odamlarni, nafaqat niqob taqishga, balki uylarida o‘tirishga ko‘ndirish nihoyatda og‘ir kechdi, vaziyat judayam og‘irlashgandan keyingina odamlar rasmiy ma’lumotlarga ishona boshladilar. – dedi u.

Rossiya Federatsiyasi sog‘liqni saqlash vazirligi Bosh kardiologi professor Sergey Boysovning fikriga ko‘ra, odamlarning himoya niqoblaridan bosh tortganligi mamlakatda COVID-19 infeksiyasi bilan kasallanganlar soni juda sekin kamayayotganiga sabab bo‘lmoqda.

Mutaxassis, infeksiyani to‘xtatishni “oltin” qoidasini atib o‘tdi.

- Infeksiya jarayonining ikkala ishtirokchisi ham – kasallangan, ammo bu haqida hali bilmaydi va kasallangan va bu haqida biladi... ikkalasi ham niqob taqib yuribdi, biz aynan shu tariqa infeksiyani to‘xtata olamiz, - dedi mutaxassis.- Ayni vaqtda Rossiyada COVID-19 ga chalinish pasaymoqda, ammo juda sekin, - qo‘shimcha qildi professor. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday holat kuzatilishiga ko‘p hollarda odamlarning himoya vositalaridan foydalanmayotgani sabab bo‘lmoqda.

Bekzod MUSURMONOV,

internet materiallari asosida tayyorladi.