Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Un va non uchun kompensatsiya puli miqdori oshirildi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2019 yil 14 oktyabrda “Don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 866-sonli qaror qabul qildi.

Qarorga asosan don va un narxlari erkinlashtirildi. Natijada, non narxi oshdi. Shundan kelib chiqib, 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab, un va qolipli non uchun kompensatsiya puli 22 ming 300 so‘mdan 50 ming so‘mgacha oshirildi va kompensatsiyani quyidagi shaxslar olishi belgilandi:

- yoshga doir nafaqa oluvchilar;

- nogironligi bo‘yicha nafaqa oluvchilar;

- boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi va nafaqasi oluvchilar (har bir boqimandaga);

- bolalikdan nogiron bo‘lgan 16 yoshdan katta nafaqa oluvchilar;

- 16 yoshgacha bo‘lgan nogiron bolalar va 18 yoshga to‘lmagan OIV infeksiyasiga chalingan nafaqa oluvchi shaxslar;

- eng kam yoshga doir pensiyaning miqdorida va undan kam pensiya oluvchi shaxslar.

2019 yilning oktyabr oyida 22 ming 300 so‘m miqdorda kompensatsiya puli olganlarga oktyabr oy yakuniga qadar qo‘shimcha 27 ming 700 so‘m kompensatsiya puli to‘lanadi. Eng kam yoshga doir pensiya miqdorida pensiya oluvchilarga 2019 yilning oktyabr oyi uchun kompensatsiya puli noyabr oyida, ya’ni noyabr oyi uchun kompensatsiya puli bilan birga qo‘shib (ikki oy uchun) to‘lab beriladi.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi va tuman (shahar) pensiya jamg‘armasi bo‘limlari tomonidan belgilangan tartibda ishlar tashkillashtirildi va oktyabr oyi uchun qo‘shimcha to‘lov vedomostlari aksiyadorlik tijorat Xalq banki hamda boshqa tijorat banklariga elektron holatda yuborilib, shakllantirildi va to‘lanmoqda. Shu bilan birga noyabr oyi uchun ham kompensatsiya pullari pensionerlarimizga toifalari bo‘yicha to‘lab beriladi.

Abdurashid RAHIMOV,

Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Samarqand viloyati boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.