Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Oliy Majlis Senati to‘y-hashamlar “reglamenti”ni tasdiqladi

Bugun Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi kengashlarining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Majlisda “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom ishlab chiqilgani ta’kidlangan.

Nizomga ko‘ra, endi to‘ylarda 250 nafardan ortiq, osh marosimlarida 300 nafardan ziyod mehmon taklif etilmaydi. To‘y marosimlarini 23:00 gacha o‘tkazish mumkin. Ammo to‘y korteji 3 ta mashinadan ortiq bo‘lmasligi kerak.

To‘ylarda ikkitadan ortiq xonandaning (guruhning) ishtirok etishi taqiqlanadi.

Oilaviy tadbirlarda san’atkorlar (xonanda, sozanda, raqqosa, boshlovchi, so‘z ustasi, fotograf va boshqalar) qonun hujjatlariga muvofiq shartnoma asosida xizmat ko‘rsatadi.

50 kishidan ortiq to‘y tadbirlarini o‘tkazish uchun restoran, to‘yxona va to‘y egasi rasman shartnoma tuzishlari shart.

“Kelin navkari”, “chorlar”, “ota ko‘rdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “tog‘ora yuborish” va hokazo tadbirlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Dafn etish va motam marosimlari bilan bog‘liq ortiqcha tadbirlarni (“yetti”, “payshanbalik”, “yakshanbalik”, “yigirma”, “qirq”, “hayit”, “yil oshi”, “pul tarqatish”, “mato ulashish” kabilarni) o‘tkazishga ruxsat berilmaydi.

Shuningdek, to‘y tadbirlari nazorati hokimliklar, mahalla kengashlari, prokuratura, soliq va ichki ishlarga yuklatilmoqda.