Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Oshxonadan yegulik o‘g‘irlagani uchun AQShning nufuzli banki ish boshqaruvchisi lavozimidan chetlashtirildi

AQSh dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan biri. Mamlakat banklari orasida “Katta to‘rttalik”ka kiruvchi, eng nufuzli va qudratli moliyaviy aloqalar kompaniyalaridan biri hisoblangan Citigroup bankining yirik bo‘linmasi rahbari, iqtidorli va ishbilarmon Paras Shax xizmat lavozimidan ozod etildi. Paras Shaxning xizmat lavozimidan ozod etilishiga nima sabab bo‘ldi? Topshirilgan vazifaning uddasidan chiqa olmaganimi? Korrupsiyaga aloqadorligimi, mas’uliyatsizlikmi yoki buning boshqa sababi bormi? Mazkur savollarga oydinlik kiritamiz.

Citigroupning Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika bo‘linmalari rahbari Paras Shax o‘z lavozimidan ozod qilinishiga oshxonadan yegulik o‘g‘irlagani sabab bo‘ldi, deb yozmoqda The Wall Street Journal nashri.

Citigroup AQShning Bank of Amerika, JPMorgan Chase va Wells Fargolar bilan bir qatorda “Katta to‘rttalik” banklari qatoriga kiradi. Bank umumiy qiymati 1.8 trillion AQSh dollariga teng aktivlarni boshqaradi. Citigroup dunyoning eng yirik korporatsiyalaridan biri va global tizimning katta ahamiyatga ega banki hisoblanadi.

Shax Yevropada eng malakali mutaxassislardan biri hisoblanadi. Citigroupga u 2017 yilda kelgan. Shax unga qadar HSBC va Goldman Sachsda uzoq yillar faoliyat olib borgan. U Britaniyaning Bata universitetini tamomlagan. Paras Shax rahbarlik qilgan bo‘linma 2019 yilning so‘nggida mablag‘ kirib kelishini 49 foizga oshirishga erishgan.

The Wall Street Journal nashri bergan ma’lumotga ko‘ra, Shax Citigpoupda yiliga 1.3 million AQSh dollariga yaqin maosh olgan. Shaxni oshxonadan yegulik o‘g‘irlashga nima majbur qilganligi noma’lum. Nashrning bu borada bergan savoliga top-menejerning o‘zi javob bermadi.

“Moliyaviy xodim tomonidan qilinadigan, uning halolligini shubha ostiga qo‘yadigan har bir harakat, ish beruvchi va nazoratchilar tomonidan jiddiy choralar ko‘rilishiga sabab bo‘lishi mumkin”, deya izoh berdi nazorat masalalari bo‘yicha maslahatchi hamkor firma Bovill xodimi Ed O‘Bri.

Arzimagan yegulik uchun bunday chora ko‘rilishi qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligi haqida chora ko‘rgan mamlakatlar - AQSh va Yevropa va ularning qay darajada rivojlanganligiga qarab ham xulosa chiqarsa bo‘ladi.

Bekzod MUSURMONOV tayyorladi.