Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Paxtakor-79”: Samoga sochilgan yulduzlar orasida narpaylik Sirojiddin Bozorov ham bor edi

Kecha Sirojiddin Bozorov o‘qigan Narpay tumani 36-maktabda futbol bo‘yicha xotira turniri o‘tkazildi. Tadbirda tumandoshlari marhum "Paxtakor" futbol jamoasi a’zosini yorqin xotiralar bilan esladi. 

1979 yilning 11 avgust kuni o‘zbek futboli tarixiga qora harflar bilan muhrlangan. Ukrainaning Kurilovka qishlog‘i osmonida yuz bergan mash’um fojia Toshkentning “Paxtakor” futbol jamoasining 17 nafar a’zosini hayotdan olib ketdi.

Aviahalokatda hayotdan ko‘z yumgan “Paxtakor-79” o‘g‘lonlari orasida, jamoaning eng yosh o‘yinchisi, endigina 18 yoshga to‘lgan mohir futbolchi narpaylik Sirojiddin Bozorov ham bor edi.

U 1961 yil tumanning Tortuvli qishlog‘ida tug‘ilib, 36-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qigan. 1972 yili Sirojiddinning futbolga bo‘lgan qiziqishi va iqtidorini sezgan otasi Ahmad aka uni Toshkentdagi bolalar va o‘smirlar futbol internati (hozirgi ROZMI)ga olib boradi. Bu dargohda murabbiy Vadim Yatchenko unga millionlar o‘yini sir-asrorlarini o‘rgatadi. Ikki yildan so‘ng Sirojiddin O‘zbekiston yoshlar terma jamoasiga chaqiriladi. Mana 40 yildirki, Sirojiddin Bozorov nomi narpayliklar uchun og‘ir yo‘qotish bo‘lsa-da, g‘urur-iftixor timsolidir. Uning nomiga 1980 yilda o‘zi o‘qigan Narpay tumanidagi 36-maktab hovlisida byust o‘rnatilgan.

Tumanda har doim qahramonimiz nomiga futbol bo‘yicha xotira turnirlari o‘tkazilib kelinmoqda. Bu esa yosh avlodni futbolga bo‘lgan havasi va ishtiyoqini oshirib kelmoqda.  

U haqda bir necha bor gazeta va jurnallarda maqolalarim bosilgan. Ko‘p bora tug‘ilib o‘sgan xonadoni va o‘qigan maktabida bo‘lganman. Oila a’zolari, qarindoshlari, yaqinlari bilan uni iliq xotirlaymiz.

O‘zbekistonning faxriga aylangan futbol jamoasini hozirda ham millionlab muxlislari o‘z qahramonlari deb hisoblashadi.

Sirojiddin Bozorov va “Paxtakor-79” futbol jamoasi qalbimizda hamisha barhayot!

Zarif Begimqulov,

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta’minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi  Samarqand filiali

“Ijtimoiy fanlar” kafedrasi mudiri.