Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Piyodalar yo‘lagi yo‘g‘u, velosiped yo‘lagiga yo‘l bo‘lsin!

Respublika ahamiyatiga ega Urgut-Bulung‘ur yo‘lining qishlog‘imiz hududidan o‘tgan qismi uzoq yillardan beri ta’mirtalab ahvolda edi. O‘tgan yil ozroq qismini asfalt qilishdi va yo‘l biroz epaqaga keldi.

Ana endi ba’zi "uchar" haydovchilarga xudo berdi-ku, yo‘lning o‘sha ta’mirlangan qismida mashinani juda tez haydashayapti. Buning natijasida bir nechta yo‘l transport hodisasi ro‘y berdi.

Ushbu holatlarga haydovchilarning tezlikni belgilanganidan oshirib yuborishi bilan birga yo‘lovchilarning yo‘lning transport vositalari qatnov qismida harakatlanishi ham sabab bo‘lmoqda.

Shunday deymiz-u yo‘lning aksariyat joylarida piyodalar yo‘lakchasi ham yo‘q-da. Piyodalar yo‘lakchasi ba’zi joylarda yo‘q, ba’zi joylarda odamlar hovlisiga qo‘shib olgan yoki nimadir qurgan. Buni nazorat qiladigan va piyodalar yo‘lakchasini ochib qo‘yadigan tashkilot esa hozircha topilmayapti. Aholida esa katta yo‘llarning yoqasida piyodalar yo‘lakchasi albatta bo‘lishi kerakligi va o‘sha joyni uy egalarining o‘zlari ham to‘g‘irlab qo‘yishi mumkinligi haqida tushuncha yo‘q.

Umuman, ko‘chalarning torligi va unda piyodalar yo‘lakchasining yo‘qligi bir bizning qishloqdagi muammo emas. Mamlakatimizda aksar aholi tiqilinch yashaydigan hududlarda ahvol shunday.

Ha, darvoqe, bugun aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish uchun ommaviy yurish, velosipedda harakatlanish, degan tushunchalar hayotimizga kirib kelmoqda. Ammo tuzuk-quruq piyodalar yo‘lakchalari bo‘lmagan joylarda velosiped yo‘laklari haqida orzu qilish o‘rinlimikan?..

G‘ayrat Yo‘ldosh,

Urgut tumani.