Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qorasuvdagi ko‘p qavatli uylar narxi nega qimmatlashgan?

Saytimizda joriy yilning 18 avgust kuni “Qorasuvdagi aholi hayotidan rozi bo‘layaptimi?” sarlavhali maqola berilgan edi.

Unda 2018 yilda dastur asosida qurilgan uylar haqida so‘z yuritilib, ularning narxi boshlang‘ich badalni shakllantirish maqsadida berilgan narxga nisbatan qimmatlashgani, bu haqda “O‘zshahar qurilish invest” injiniring kompaniyasining javoblari berilishi aytib o‘tilgandi.

Kompaniya mutasaddilaridan olingan javobga ko‘ra, Qorasuvda qurilgan ko‘p qavatli kvartiralarning dastlabki loyiha-smeta hujjatlariga bir qator o‘zgartirishlar kiritilganligi natijasida uylarning narxi o‘zgargan.

Shuningdek, 2018 yil dasturi doirasida qurilgan uy-joylarning dastlab berilgan taxminiy, ya’ni boshlang‘ich badalni shakllantirish maqsadida berilgan narxga nisbatan qimmatlashishiga qurilish materiallari, anjomlari va konstruksiyalari narxining oshishi sabab bo‘lgan.

Bundan tashqari, berilgan ma’lumotda quyidagilar qayd etilgan:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 noyabrdagi farmoniga asosan 2017 yil 1 dekabrdan boshlab respublikada eng kam ish haqi miqdori 15 foizga, 2018 yil 2 iyuldagi farmoniga asosan, eng kam ish haqi miqdori 7 foizga oshirilgani ham uy-joy narxining oshishiga sabab bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 22 noyabrdagi qarorining 7-band, 3-xatboshisida moliyalashtirish manbaalaridan biri jismoniy shaxslarning uyning umumiy qiymatiga nisbatan 25 foiz miqdoridagi boshlang‘ich badal mablag‘lari qilib belgilangan edi.

Kam ta’minlangan aholi qatlamini ijtimoiy himoya qilish va kvartiralarni qavatlar bo‘yicha taqsimlanishida suiiste’molchiliklarning oldini olish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 18 iyuldagi qarorining 6-bandi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 23 oktyabrdagi qarorining 7-bandiga o‘zgartirish kiritilib, boshlang‘ich badalning o‘rtacha miqdori uy-joyning umumiy qiymatiga nisbatan 15 foiz hajmda belgilanib, boshlang‘ich badalni tabaqalashtirilgan miqdori amaliyotga joriy qilingan. Jumladan, 7-qavatli uylarda 1-3 qavat uchun 20 foiz, 4-qavat uchun 15 foiz, qolgan 5-7 qavatlar uchun 10 foiz miqdorida boshlang‘ich badal undirilishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 16 yanvardagi 14-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 54-bandi talabiga ko‘ra, kvartiralarni sotish ko‘p kvartirali uyni qurish yoki rekonstruksiya qilishni moliyalashtirish bo‘yicha xarajatlar hisobga olingan va ularni sotish bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilgan holda har bir kvartiraning qiymati to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar asosida buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan narxlar bo‘yicha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Uy-joylar qurilish uchun sarflangan haqiqiy xarajatlarga ko‘ra, uy-joylardagi xonadonlar 1 metr kvadrat maydonining o‘rtacha narxi 3 381,8 ming so‘mdan 3 468,2 ming so‘mgacha bo‘lgan miqdorni tashkil qilgan.

Shunga ko‘ra, uy-joylarning kadastr hujjatlari tayyor bo‘lishiga parallel ravishda narxlar haqidagi ma’lumotlar “O‘zsanoatqurilishbank” ATB, “Asaka bank” ATB va “Ipoteka bank” ATIB hamda ularning Samarqand viloyati filiallariga joriy yil 24 maydan 26 iyungacha tegishli hujjatlar bilan birgalikda uylarni sotish va ipoteka kreditlarini ajratish uchun yuborilgan.