Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Raqamlar ortidagi taqdirlar: Yolg‘on ma’lumotlar fosh etildi

Viloyat hokimligining ishchi guruhi Samarqand shahri, Jomboy va Kattaqo‘rg‘on tumanlaridagi yoshlar bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rgandi.

Ma’lumotlarda Samarqand shahrida 2 835 nafar ishsiz yoshlardan 2 851 nafarining bandligi ta’minlangani yozilgan bo‘lsa-da, o‘rganish natijalari bu borada olib borilayotgan ishlar yetarli emasligini ko‘rsatdi.

2 851 nafar yoshlar ishga joylashganligi bo‘yicha tegishli hujjatlarning elektron bazasi shakllantirilganligiga qaramay, ularning 231 nafari ishga kirganligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emas. Ishga kirgan yoshlar bilan telefon orqali suhbatlashilganda, ro‘yxatdagi telefon raqam boshqa kishiga tegishli ekanligi, ro‘yxatda ko‘rsatilgan familiya, ism-sharifli fuqaro emasligi va boshqa hududlarda yashashi ma’lum bo‘ldi.

Jumladan, Alisher Navoiy mahallasida yashaydi, deya kiritilgan Norqulova Sohiba, Aslamova Umida, Qosimova Sevda Akram qizi, Nasriddinov Umidxo‘ja, Qarshiyev Dilshod, Mirzayev Umed, To‘ychiyev Farrux, Boboyev Ulug‘bek, Boltayev Otabekning ushbu mahallada yashamasligi va “ZARAFSHON TEKSTIL” MChJda ishlamasligi aniqlandi.

Shuningdek, ishga joylashgan, deya kiritilgan yoshlarning 56 nafari ishlamasligini ta’kidladi.

Jomboy tumanida 1 360 nafar yoshlar bandligi ta’minlangan, deb ko‘rsatilgan ma’lumot o‘rganilganda ro‘yxatdagi 76 nafarining bandligi ta’minlanmaganligi aniqlandi. Ishga joylashtirildi, deya taqdim etilgan yoshlar ro‘yxatida 40 nafari 30 yoshdan oshgan fuqarolarni tashkil qiladi.

Kattaqo‘rg‘on tumanida jami 1 288 nafar ishsiz yoshlardan 1 256 nafarining bandligi ta’minlangan. Sektorlar tomonidan hududlardagi ishsiz yoshlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar tuman shtabiga taqdim etilmagan.

Ishga joylashtirilgan yoshlarning ro‘yxati o‘rganib chiqilganda 30 yoshdan oshgan (57 nafar) fuqarolarni ham ro‘yxatga qo‘shish holatlari borligi ma’lum bo‘ldi.