Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand shahrida transport xizmatini ko‘rsatish bilan bog‘liq muammolar nimalarda ko‘rinyapti?

Viloyat hokimligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, avtomobil yo‘llarining ta’mirtalab ahvolga kelib qolganligi avtobuslarning harakatlanishiga to‘sqinlik qilyapti. Buning oqibatida ayrim avtobuslar  xarajatini qoplamay turib, harakatlanishdan to‘xtatishga majbur bo‘lmoqda. Shuningdek, oylik maoshi kamligi bois avtobus haydovchilari ishni tashlab ketyapti. Bu esa avtobuslarning belgilangan jadval asosida qatnoviga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Bulardan tashqari, Samarqand shahrida 2 tagina “taksi” to‘xtash joyi mavjud. Bularga qo‘shimcha talab etilgan 10 ta maxsus “taksi” to‘xtash joylari tashkil etilmagan.

Shaharning “Povorot”, Buyuk Ipak yo‘li, Kimyogarlar qo‘rg‘oni, Yoshlar markazi, Universitet xiyoboni, Kulolon va Registon bekatlari, “Xazora”,  “Siyob” avtoboshbekati, Bank kolleji, Ipak yo‘li banki, Shodiyona majmuasi, “Siyob dehqon bozori” hududlarini noqonuniy yo‘lovchi tashuvchi transport vositalari egallagan. Ular yo‘lning qatnov qismini yopib, tirbandliklar va turli ko‘ngilsizliklar keltirib chiqarmoqda.

Ayni paytda Rudakiy, Shohizinda ko‘chalarida ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Xo‘ja Ahrori Vali, Marv va Abu Bakr Roziy ko‘chalari va Yangi Hayot mahallasi ichki yo‘llari ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan. Yo‘llarda transport vositalari oqimi ko‘p va bekatlarga shaxsiy avtoulovlar qo‘yib ketilmoqda. Bularning barchasi avtobuslar harakatini cheklab, yo‘nalishlardagi avtobuslar qatnov grafigining 10-15 daqiqagacha uzayib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

Samarqand shahridagi bekatlar atrofiga, belgilanmagan joylarga shaxsiy avtoulovlarni qo‘yib ketishning oldini olish borasida tegishli choralar ko‘rilmayapti.

Shahardagi 173 ta oraliq bekatlarning 10 ga yaqini ta’mirtalab. Ular hamon mutasaddilar e’tiborini kutib turibdi (Gagarin, Ismoil Buxoriy, Sadriddin Ayniy, Shohizinda ko‘chalarining har birida ikkitadan).

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta viloyat hokimligida o‘tkazilgan faollar yig‘ilishida yuqorida qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berilgan.