Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand shahrini Jomboy va Oqdaryo tumanlari bilan bog‘laydigan zamonaviy ko‘prik qurildi

Yo‘l qurish, ko‘prik barpo etish eng katta savob ishlardan sanaladi. Shu jihatdan «Samarqand yo‘llardan muntazam foydalanish» unitar korxonasi tomonidan Oqdaryo daryosining Samarqand shahar Shirin mahallasiga yaqin hududida bunyod etilgan zamonaviy ko‘prik har qancha tahsinga loyiq.

Xalq tilida «Asfalt zavod» deb ataladigan Samarqand shahrining Oqdaryo va Jomboy tumanlarining bir necha mahallalariga tutash bu joydan bir paytlar odam yurishga hayiqardi. Odamlar daryo ustidan qurilgan omonatgina ko‘prikdan o‘tib, yumushlarini bajarar, hatto o‘quvchilar maktabga borishardi. Endi uning yo‘lovchilar uchun nechog‘li xavfli ekanini tasavvur qilavering. Avtoulovlar esa daryoning u tarafidagi mahallaga borish uchun 10 kilometr aylanma yo‘lni bosib o‘tishiga to‘g‘ri kelardi.

Bugun esa holat tamoman o‘zgacha. Mustahkam yo‘l o‘tkazgich bu hududga yaqin aholi uchun katta qulaylik yaratdi. Endi har qanday transport vositasi bemalol harakatlanadigan, odamlar esa keng ko‘prikdan o‘tib-qaytadigan bo‘ldi.

 - Ko‘prik loyihasining umumiy qiymati 3,5 milliard so‘mni tashkil etdi, - deydi «Samarqand yo‘llardan muntazam foydalanish» unitar korxonasi direktori Murodxon Hojixonov. – Uning umumiy uzunligi 90 metr, eni esa 7,5 metr. 100 tonnagacha yukni ko‘tarish quvvatiga ega. Ko‘prik karantin ehtiyot choralariga qat’iy amal qilingan holda 5 oy davomida qurib bitkazildi. Unga zarur mablag‘ to‘liq korxonamiz hisobidan sarflandi. Ko‘prikka tutash daryo yoqasidagi 200 metr maydon obodonlashtirilib, piyodalar yo‘lagi yotqizildi, zamonaviy avtobekat qurildi.

Biz ushbu daryoga tutash qishloqlarda yashovchi aholi bilan suhbatlashdik.

- 35 yildan buyon Xolvoyi qishlog‘ida yashayman, - deydi Gulnoza Qudratova. – Samarqand shahrining Yangiobod mahallasida qarindoshlarim, Oqdaryoning Boshdarxon qishlog‘ida qudalarim istiqomat qiladi. Shu paytgacha ularnikiga borib-kelish azob edi. Kichkina, xavfsiz ko‘prikdan jonimizni hovuchlab o‘tardik. Bugun, mana, keng, ko‘rkam ko‘prik qurildi. Bunday qulaylikdan mamnunmiz, qarindoshlarimiznikiga, qolaversa bozor-o‘charga bemalol borib kelyapmiz, og‘irimiz yengil, uzog‘imiz yaqin bo‘ldi.

- Qirq yildan buyon texnika rolini boshqaraman, - deydi o‘zini Hamid aka deb tanishtirgan Shirin mahallasida yashovchi haydovchi. – Yillar davomida bu yerda biror oddiy bo‘lsayam ko‘prik bo‘lmaganligi sababli Boshdarxon qishlog‘iga bormoqchi bo‘lsak, yo Farhod shaharchasidagi ko‘prik orqali yoki Oqdaryoning «Toshkent - Buxoro» magistral yo‘liga chiqib, aylanma yo‘ldan kelishga majbur bo‘lardik. Endi esa har qanday yuk bilan yuz metr yursak Boshdarxonga, undan 3 kilometrdan so‘ng Samarqand shahriga yetamiz.

Darvoqe, bu yerlik aholi ko‘prikni bunyod etgan korxona rahbari Murodxon Hojixonov aytmagan bir gapni aytib qoldi. U kishining onasi bu yerda aholi uchun qurilayotgan ko‘prikni ko‘rib, turmush o‘rtog‘i bilan hajga borish uchun yig‘ib yurgan pullarini beribdi va o‘g‘liga bu mablag‘ni shu ezgu ish uchun sarflashini tayinlabdi. Natijada bu sarmoya evaziga ko‘prik usti yangicha dizayn bilan bezatilib, kechki payt turli ranglarda yonadigan chiroqlar bilan ta’minlanibdi.

Ushbu ko‘prik ertaga, 18 oktyabr – Samarqand shahri kuni rasmiy ravishda foydalanishga topshiriladi.

Akram Haydarov,

Baxtiyor Mustanov (foto).