Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand shifoxonalarida shu yil davolangan bolalarning 20 foizi boshqa viloyatlardan kelgan

Samarqand viloyati aholi soni nuqtai nazaridan Respublikada birinchi o‘rinda turadi. Umumiy aholi sonining 36 foizini esa 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil etadi.

Viloyatda bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatishni metodik muvofiqlashtirish viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi zimmasiga yuklatilgan. Ushbu markaz tomonidan viloyatda bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish borasida ijobiy ishlar qilingan. Xususan, oxirgi yillarda bir qator yuqori texnologiyali xizmatlar amaliyotga kiritildi. Bular qatorida bolalar kardioxirurgiyasi, bolalar ko‘krak qafasi deformatsiyalarini davolash, chaqaloqlar xirurgiyasi, laparoskopik xirurgiya va hokazo.

Bir so‘z bilan aytganda, bugun Samarqand viloyatidan bemor bolalar yuqori texnologiyali tibbiy xizmatga muhtojlar najot qidirib poytaxtga yoki boshqa yurtlarda yurishi keskin kamaydi. Bir yilda bolalar kardioxirurgiyasi bo‘limida 300 nafarga yaqin bolada tug‘ma yurak nuqsoni bilan operatsiya o‘tkazildi. Hozir aksincha, boshqa viloyatlardan bolalar yuqori texnologiyali xizmat qidirib Samarqandga kelmoqda. Masalan,  birgina Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga 2018 yilda 27035 nafar va 2019 yilda 31000 nafar bemor boshqa viloyatlardan murojaat qilgan.

2019 yilda murojaatlarning qariyb 20 foizi boshqa viloyatdan. Shu bilan bir qatorda ushbu murojaatlar nafaqat qo‘shni, balki respublikaning boshqa viloyatlaridan ham bor. Bularning ko‘pchiligi yuqori texnologiyali tibbiy xizmatga muhtoj bemorlar hisoblanadi.

Bundan tashqari, viloyatda bolalarda kasallanishning oldini olish borasida ham ancha ishlar qilingan. Misol uchun chaqaloqlar gemorragik kasalligini 100 foiz profilaktikasi o‘tkazilishi natijasida oxirgi 3 yilda ushbu kasallikdan kasallanish kuzatilmagan.

Viloyatda bola salomatligiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar o‘rganilib, propogantikasi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, yangi tug‘ilgan chaqaloqni 6 oygacha faqat ko‘krak suti bilan boqish, ko‘krak sutining mohiyati to‘g‘risida ishlarga yetarli darajada ahamiyat berilgan.

Yuqorida amalga oshirilgan ishlar natijasi viloyatda bolalar o‘rtasida kasallanish va go‘daklar o‘limi oxirgi yillar davomida kamayib borish tendensiyasiga ega. Joriy yil 8 oy davomida go‘daklar o‘limi intensiv ko‘rsatkichi 6,1 promilleni tashkil qiladi.

Samarqand viloyatida joriy yilning 8 oyi yakuni mobaynida 354 nafar (1 yoshgacha) go‘dak nobud bo‘lgan. O‘tgan yili shu davrda bu ko‘rsatgich 366 tani tashkil qilgan. Go‘daklar o‘limini tahlil qiladigan bo‘lsak, 354 nafar o‘lganlarning 139 (39,2 foizi) nafari erta neonatal davrda yoki boshqacha qilib aytganda, tug‘ruq uylarida nobud bo‘lgan. Ularning qariyb 60 foizi o‘ta kam vaznli (500 gr – 1499 gr) chaqaloqlar bo‘lgan. Shu bilan bir qatorda viloyatda pediatriya xizmatini yanayam takomillashtirish, bundan ham yaxshi bo‘lishiga erishish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.

Xulosa qilib aytganda, yuqorida keltirilgan omillar va raqamlar shuni ko‘rsatmoqdaki, Samarqand viloyatida bolalarga tibbiy xizmatni tashkil qilish borasida qilinayotgan ishlar Respublika bo‘yicha e’tiborga loyiq hamda o‘z salohiyatiga ega.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati.