Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand viloyatidagi tabiiy gaz tarmog‘i yetib borgan 62 ming xonadonning 59 mingtasida issiqlik tizimi yo‘q

Avval xabar qilganimizdek, viloyat Matbuot uyida qish mavsumida aholini tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan ta’minlash masalalariga doir anjuman o‘tkazildi.

Unda jurnalistlarning «Nega tabiiy gaz aksariyat aholi punktlariga yetib bormayapti? Aksincha gaz sarfi me’yoridan oshib bormoqda. Bunga sabab nima?», degan savoliga “Hududgaz Samarqand” MChJ direktori Xolmurod Bobomurodov shunday javob berdi:

- Samarqand viloyatida 62 ming xonadon bor. Uning bor-yo‘g‘i 3 mingtasi issiqlik ta’minoti bilan ta’minlangan. Ya’ni, ularga qozonxonalar o‘rnatilgan. Ammo 59 mingtasida issiqlik tizimi umuman yo‘q. Shuning uchun ular ovqat pishirish va choy qaynatishga mo‘ljallangan plitalardan xonadonlarini isitishda foydalanishga majbur bo‘lyapti. Oqibatda bir kunda sarflanishi zarur bo‘lgan me’yordan bir necha barobar ko‘p tabiiy gaz iste’mol qilinmoqda. Masalan, bitta plita uchun o‘rtacha 55 metr/kub, bir odamga 11 metr/kub tabiiy gaz sarflash belgilangan. Ammo bu ko‘rsatkich qish oylarida kamida to‘rt barobarga ortmoqda.