Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda 85 ming 350 gektar maydonni shudgorlash boshlandi

Tajribali dehqonlar “Yer haydasang kuz hayda, kuz haydamasang yuz hayda” maqolini bejiz aytishmaydi. Chunki kuzgi shudgorlash ishlarining sifatli o‘tkazilishi kelgusi yil ekinlaridan mo‘l hosil yetishtirish aynan kuzgi shudgorning sifatli o‘tkazilishiga bog‘liq.

Buni to‘g‘ri anglagan viloyat dehqonlari 2021 yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi ekinlaridan bo‘shagan 85 ming 350 gektar yer maydonini sifatli shudgorlashga kirishdi.

Shudgorlash ishlarida 542 ta qishloq xo‘jaligi texnikalari, shundan 244 ta yuqori unumli haydov traktorlari ishtirok etib, bitta traktor yordamida kuniga 5-8 gektar maydonni shudgorlash rejalashtirilgan.

Payariq tumanida o‘tkazilgan ko‘rgazmali seminarda kuzgi shudgorlash tadbirini o‘z vaqtida va sifatli yakunlash bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi.

Seminarda ishtirok etgan viloyat hokimining o‘rinbosari F.Abilov, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i N.Tursunov va boshqalar 2021 yil hosili uchun kuzgi shudgorlashni optimal muddatlarda va uyushqoqlik bilan o‘tkazish yuzasidan tavsiyalar berdi.

Shudgorlash tadbirida qatnashadigan haydov traktorlarining ishi  ikki smenada tashkil etilib, ko‘chma payvandlash apparati, ko‘chma ustaxona, sudratma yoqilg‘i tarqatish agregati, ko‘chma dam olish xonasi bilan ta’minlanadi. Mexanizatorlar va shudgorlash tadbirida qatnashuvchi xodimlarni ikki mahal issiq ovqat bilan ta’minlash rejalashtirilgan.

- Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari  tomonidan kuzgi shudgorlash ishlarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi  yuzasidan kunlik monitoring-tahlil tadbirlari amalga oshirilmoqda, - deydi inspeksiyaning viloyat boshqarmasi bosh inspektori Shahriddin Butunov. - Haydov traktorlarining mavsum davomida to‘liq ishlashini ta’minlash maqsadida har bir tumanda ehtiyot qismlar, jihozlar, ta’mirlash materiallari zaxirasi yaratildi.

Shudgorlanadigan maydonlarga fosforli mineral o‘g‘itlarning ajratilishi va shudgorlashdan oldin berilishi hamda shudgorlash ishlarining to‘liq konturlarda amalga oshirilishini ta’minlash, dala chetlari, simyog‘och atroflarini shudgorlashga alohida ahamiyat beriladi.

Agroinspeksiyaning Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmati.