Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandga 10 oy davomida 500 mingdan ziyod xorijiy sayyoh keldi. Bu kammi yoki?..

Xabar berganimizdek, Samarqand viloyat matbuot uyida viloyat hokimligi axborot xizmati, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi tomonidan tasdiqlangan rejaga ko‘ra, viloyat hokimining turizmning rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Botir Nurullayev bilan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Respublika va viloyat ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlar ishtirok etgan anjumanda B.Nurullayev Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 sentyabrdagi "Samarqand viloyatining sayyohlik salohiyatidan samarali foydalanish va uni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori ijrosi yuzasidan viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berdi. Shuningdek, joriy yilning 10 oyi davomida viloyatga tashrif buyurgan 2,7 million nafar turist, shundan 500 mingdan ziyodi xorijiy sayyohlar tashkil qilganligini ta’kidladi. Bu esa o‘tgan davrga nisbatan qariyb ikki barobarga oshgan.

- Joriy yilda jahonning 147 ta mamlakat fuqarolariga vizasiz rejim hamda elektron vizalar olish tartibi yanada soddalashtirildi, - deydi Botir Nurullayev. - Bugungi kunda viloyatimizda 562 ta turistik namoyish etish ob’yektlari, 5949 o‘rinlik 142 ta mehmonxona va 1207 o‘rinlik 135 ta oilaviy uy mexmonxonalari, 170 ta turoperatorlik sub’yektlari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Shuningdek, 230 ta turistlar talabiga javob beruvchi avtotransport vositalari, 230 ta gid-tarjimonlar sayyohlarga xizmat ko‘rsatmoqda. O‘tgan davrda 27 ta mehmonxona, 43 ta turoperatorlik sub’yektlari tashkil qilinib, 26 ta sayyohlik avtobusi, 46 ta mikroavtobuslar olib kelindi. Shuningdek, 8 ta turistik axborot markazlari tashkil qilindi.

Shuningdek, 57 ta yo‘l ko‘rsatkichlari va belgilari hamda viloyat hududi sayyohlik ob’yektlarida 40 ta, yo‘l bo‘ylarida 18 ta yangi sanitariya-gigiyena shoxobchalari tashkil etildi. Sayyohlar uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida shu yilning o‘zida 55 ta yangi Wi-Fi nuqtalari o‘rnatilib, ularning soni 67 taga yetkazildi.

Matbuot anjumanida joriy yil 26-28 noyabr kunlari 180 dan ortiq turistik shaharlar a’zoligiga ega bo‘lgan Butunjahon Turistik Shaharlar Federatsiyasining (WTCF) 1-Markaziy Osiyo konferensiyasi doirasida viloyatning turizm salohiyati namoyish etilishi natijasida 20 dan ortiq kelishuvlarga erishildi. Aynan shu tadbirlar yakunida nufuzli tashkilot tomonidan 2020 yilga birgina Xitoydan yuz ming ziyod sayyohlar jalb qilinishi ma’lum qilindi.

Matbuot anjumani davomida jurnalistlar viloyatimizda turizmni yanada rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tuzilganligi, unda Xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan istiqbolli investitsiya loyihalari haqida ma’lumotga ega bo‘lishdi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.