Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

SamDCHTI o‘qituvchisi fransiyalik talabalarga dars berdi

Samarqand davlat chet tillar institutida fransuz tili ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 105 nafar talaba va fransuz tili mutaxassisligida 5 nafar magistrant tahsil olmoqda. Kafedrada 20 ta professor-o‘qituvchi va bir nafar xorijlik  mutaxassis (Mari Redares Xonim)  faoliyat olib boryapti.

– Fransuz tili va adabiyoti kafedrasi jamoasi fransuz tili va madaniyatini  yaqindan o‘rganish  hamda fransuz tilini xorijiy til sifatida o‘rgatish  borasida ko‘plab sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda, – deydi kafedra mudiri dotsent Nigorabonu Suvonova. – Yaqinda institut rektori I.Tuxtasinov hamda fransuz tili va adabiyoti kafedrasi o‘qituvchisi D.Kiselev ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada yaxshilash hamda hamkor muassasalarni ko‘paytirish maqsadida Fransiyada bo‘ldi. Institutning ayniqsa, Fransiyadagi Quyi Kan universiteti bilan hamkorlik aloqalari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Bizning o‘qituvchi va o‘quvchilar mazkur oliygohga borib, tajriba orttirib kelmoqda. Masalan, o‘tgan o‘quv yilida kafedramizning ikki nafar iqtidorli talabasi 5 oy davomida tahsil olib  qaytdi.

Yaqinda fransuz tili o‘qituvchisi Nigina Po‘latova o‘z pedagogik mahoratini  namoyon  qilib, “Erasmus+International  Credit  Mobility” nomli xalqaro grant doirasida Fransiyaning Kan Normandiya universiteti talabalariga bir hafta davomida fransuz tili fani bo‘yicha dars o‘tdi. Shuningdek, fransuz tili va adabiyoti kafedrasi  o‘qituvchisi S.Qo‘chqorova Erasmus+ loyihasi doirasida 2018 yilning iyun oyida Fransiyadagi shu universitetda tajriba orttirib qaytdi.

Ta’kidlash joizki, institutning fransuz tili yo‘nalishi talabalari orasidan har yili 3-4  nafari Fransiyadagi “Lions  Club” (Fransiyaning xalqaro frankofonlar markazi) ishtirokchisi  sifatida bir oylik yozgi ta’til amaliyotida qatnashib, sertifakatlarni qo‘lga kiritmoqda. Shuningdek, institutda muntazam Samarqand shahridagi “Orient   Voyage” sayyohlik  firmasi bilan hamkorlikda Fransiyalik sayyohlar  bilan uchrashuvlar o‘tkaziladi. Ayni paytda institut qoshida Fransuz alyansining filialini tashkil etish borasida muzokaralar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, fransuz tili tarjimasiga ham institutda e’tibor katta. Masalan, kafedra professori Ibodullo Mirzayev fransuz tilshunosligi borasidagi ikkita darslikni o‘zbek  tiliga tarjima qildi. Kafedra mudiri N.Suvonova Islom Karimovning yuzta hikmatli so‘zini fransuz tiliga tarjima qildi. Shuningdek, o‘qituvchi S.Qo‘chqorova va Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi sovrindori, 3-bosqich talabasi X.Fayzullayev “O‘zbek xalq  ertaklarining fransuzcha  tarjimasi” nomli kitobni nashrdan chiqardi. Mazkur tarjima fransuz tilida  so‘zlashuvchi  halqlarning o‘zbek xalqi madaniyati bilan yaqindan tanishishga yanada  yordam beradi.

Samarqand davlat chet tillar instituti tomonidan O‘zbekiston va Fransiya ta’lim  tizimi  doirasida amalga oshirilgan hamkorlik aloqalari kelgusida ikki davlat munosabatlarini yanada mustahkamlashiga ishonamiz.