Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

SamDU dotsenti Niderlandiyada o‘zbek tilida ma’ruza qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmonida Samarqand davlat universiteti dunyodagi nufuzli 500 talik oliy o‘quv dargohlari qatoridan joy olishi belgilandi.

Ayni paytda universitet dunyoning 70 dan ziyod mamlakatlari oliy o‘quv dargohlari bilan o‘zaro hamkorlik o‘rnatgan. Masalan, shu kunlarda universitetning tarix fakulteti dekani, dotsent Dilfuza Jo‘raqulova Niderlandiyaning Leyden universitetida o‘zaro tajriba almashmoqda.

– Leyden universitetiga tashrifim sababi har ikkala oliy ta’lim muassasasining o‘zaro yaqin aloqada bo‘lganligida, - dedi D.Jo‘raqulova telefondagi muloqotda. – O‘tgan yili ushbu golland universitetining ikki nafar talabasi fakultetimizda o‘zaro kelishilgan almashinuv dasturi asosida 6 oy mobaynida tahsil olib qaytgani bu yerga kelishimga imkon yaratdi.

Niderlandiyaning Leyden universiteti menda o‘zgacha taassurot qoldirdi. Markaziy Osiyo tarixi va madaniyatiga xorijlik talabalarning qiziqishi benihoya cheksiz. Jahonning bir qancha mamlakatlaridan kelib, bu yerda tahsil olayotgan magistr va doktorantlarga o‘zbek tilida ma’ruza o‘qidim. Jarayonlarda turkshunos doktorant Najot Muhammad tarjimonlik qildi. Rus tilidagi ma’ruzalarimni Markaziy Osiyo tarixi va madaniyati bo‘limining yetakchi mutaxassisi, doktor Yelena Paskalyova izohladi.

Tinglovchilarga O‘zbekiston, qadimiy va hamisha navqiron Samarqand haqidagi tarixiy ma’lumotlar juda yoqdi. Xorijlik talabalarning O‘zbekistonga kelish istagini bildirib, o‘zbek tilida minnatdorchilik bildirgan takallufidan boshim osmonga yetdi.

Dilmurod DO‘STMURODOV,
SamDU matbuot kotibi.