Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

«Spark» kimga nasib etishi ma’lum bo‘ldi

Garchi, tanlov soat o‘nlarda boshlanib, 18.00 ga qadar davom etgan bo‘lsa-da, hech kim og‘rinmadi, “tugata qolaylik, kech bo‘lib qoldi”, demadi. To‘g‘ri, asosiy tomoshabinlar ishtirokchilarning o‘zi va ularni qo‘llab-quvvatlovchilardan iborat edi. Ular bir-birini e’tibor va diqqat bilan tingladi, to‘g‘ri javobdan zavq olishdi, noto‘g‘ri javobdan «eh», deya xijolat bo‘lishdi. Bir-biriga raqib bo‘lsa-da, oila a’zolari tomonidan o‘qilayotgan she’r zavqidan xursand bo‘lib, hakamlar hay’atidan oldin bahoni berishdi.

Tashqarida minus besh daraja sovuq hukm surgan payti, Yoshlar markazi binosidagi harorat 30 darajadan oshdi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Sababi ayon - markazda kutilgan, ishtirokchilar tomonidan uzoq tayyorgarlik ko‘rilgan, «Eng yaxshi kitobxon oila» tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.

Adabiyot, badiiy asarlar haqida so‘z bordi, yozuvchi, adib, shoirlar hayoti, faoliyatidan fikrlar aytildi, bahru bayt zavqidan bahramand bo‘lindi.

Tanlovning shahar, tuman bosqichlarida g‘olib chiqqan 15 ta oila to‘rtta shart bo‘yicha o‘zaro bellashdi. Tadbir avvalida viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G.Alimova so‘zga chiqib, ishtirokchilarni qutlar ekan, ziyoli, kitobxon oilalalarning ko‘payayotgani jamiyatning rivoji uchun muhim omil ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

- Prezidentimizning besh tashabbusi ijrosi yuzasidan o‘tkazilayotgan ushbu tanlovning quyi bosqichlarida ikki yarim mingdan ziyod oila ishtirok etdi, - deydi «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi viloyat boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Sojida Nasriyeva. – Uning quyi bosqichlari ham qizg‘in bahs-munozaralarga boy, ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Odamlarda kitob o‘qishga ishtiyoq, havas juda kuchayganini kuzatdik. Shuning uchun bu tanlovda faqat o‘rin olgan emas, balki barcha ishtirokchi yutdi. U ma’naviyatga oshnoligi, xonadonida ziyo taratib turishi bilan g‘olib.

Oilalarda kitobxonlik uchun yaratilgan shart-sharoitlar xususidagi videorolik namoyishi, o‘zbek va jahon adabiyoti adiblari hayoti va faoliyati, ushbu asarlarni qanchalik yaxshi bilishi, bahru bayt kabi shartlardan o‘tgan ishtirokchilar hayajon bilan umumiy ballar hisobini kutdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari T.Tugalov hakamlar hay’atining umumiy xulosalari natijasi g‘oliblarni e’lon qildi.

Jumladan, «Eng yaxshi kitobxon oila» tanlovining mutlaq g‘olibi qo‘shrabotlik Musurmonovlar oilasi deb topildi. Ikkinchi o‘rinni Toyloq tumanidan kelgan Rashidovlar oilasi, uchinchi o‘rinni oqdaryolik Shakarovlar oilasi egalladi.

Eslatib o‘tamiz, birinchi o‘rinni egallagan g‘olib oilaga «Spark» avtomobili va’da qilingan edi. G‘oliblarni taqdirlash marosimi haqida saytimizda ma’lumot beramiz.

Gulruh  MO‘MINOVA.