Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sud raisi sayyor qabul o‘tkazdi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tuman sudi raisi vazifasini bajaruvchi X.Keldiyarova Chelak transport kasb-hunar kolleji binosida fuqarolar uchun sayyor qabul o‘tkazdi.

Aholining huquqiy madaniyatini oshirish hamda ularning sud-huquq sohasiga oid masalalariga yechim topish maqsadida tashkil etilgan tadbirda tumandagi Ahmad Yassaviy, Mirzo Ulug‘bek nomli, Bunyodkor, Toshhovuz mahallalarida yashovchi fuqarolar ishtirok etdi.

– Jamiyatdagi qonunbuzilish holatlari, huquqbuzarliklarning aksariyati kishilarning o‘z haq-huquqi va majburiyatlarini yetarli darajada bilmaganligi, qonunlardan bexabarligi bilan bog‘liq, – deydi X.Keldiyarova. – Shu bilan birga hali hanuz yurtdoshlarimizda huquq-tartibot organlaridan qo‘rquv hissi ham yo‘qolmagan. Shu sababli o‘zimiz aholi huzuriga borib, ular bilan samimiy suhbatlashish, dardlarini tinglashga harakat qilyapmiz. Oddiygina masalalar yuzasidan yillar davomida qiynalib yurgan kishilar bor. Sayyor qabullarda ana shunday fuqarolarga huquqiy maslahatlar berib, ularga zarur yordam ko‘rsatyapmiz. Bugungi tadbirda ham yigirmadan ortiq murojaat qabul qilib, fuqarolarga zarur huquqiy yordam berishga harakat qildik.