Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ta’lim sohasida «yuqori materiya»ga qachon erishamiz?

Xalqaro press-klubning oliy ta’lim muammolariga bag‘ishlangan sayyor sessiyalari aynan hududlarda tashkil etilganligi bilan juda katta ahamiyatga ega bo‘ldi, deb o‘ylayman. Chunki, xalqimiz aytganiday, ko‘pdan ko‘p fikr chiqadi-da.

Hech bir zamonda yangilik osonlikcha qabul qilinmagan. Chunki u stereotipni sindiradi, bir xilda davom etib kelayotgan hayot tarzini o‘zgartiradi. Ba’zan bir amallab, «sen menga tegma, men senga tegmayman» qabilida yashab kelayotgan kimsalarning tinchini buzadi. Unga bo‘ladigan qarshiliklarning bir sababi shu. Bu gapni ko‘pchilik oliy o‘quv yurtlari hayotida ham ko‘rish mumkin. Xalqaro press-klub o‘tkazgan bu galgi tadbirlar  ana shu yaroqsiz amaliyotlarni ro‘y-rost ochib tashlashga, oliy ta’lim tizimini tubdan yangilashning yo‘l xaritasini yaratib berishga xizmat qildi.

Mana qarang, endi sohadagi mavjud muammolar ochiq tahlil qilinayapti va bu jarayonda mayda muammolarning katta sabablari, yoki aksincha, katta muammolarning mayda sabablari aniq bo‘lib qolayapti. Ana shu muammolar muhokamasining o‘ziyoq oliy ta’limdagi global islohotlarning yo‘l xaritasini tuzib olishda eng ishonchli yo‘l bo‘la olmaydimi? Falon mamlakatda unday ekan, piston mamlakatda bunday ekan, biz ham ulardan andoza olishimiz, biz ham unday qilishimiz, bunday qilishimiz kerak, deb o‘tirgandan ko‘ra real hayotdan, vaziyatdan, imkoniyatdan kelib chiqib, ish ko‘raverish mantiqli bo‘lmaydimi? Albatta bo‘ladi!

Oliy ta’lim muammolarini hal etish borasidagi ilg‘or g‘oyalar umumlashtirilayotganligining o‘zi juda katta gap. Ana endi inqilobiy islohotlarni amalga oshirish ancha osonlashadi. Ta’lim muassasalariga beriladigan mustaqillik yoki erkinligu uning rahbari vakolati va maqomi ham, o‘quv jarayonini zamon talablari darajasiga ko‘tarishu yuqori darajadagi raqobatbardoshlik ham, ma’naviy-ma’rifiy sohadagi ishlarni real asosga qo‘yishu moddiy-texnik ta’minot ham, bu murakkab islohotlar jarayonida professor-o‘qituvchilarning ishtirokiyu ma’muriy-buyruqbozlik keltirayotgan zarardan qutulish choralari ham uning yo‘l xaritasida aks etadi.

Bir narsaga ich-ichimdan quvondim. Ba’zan yuqoridan bepisandlik va mensimaslik bilan qaralib kelinayotgan hududiy ziyolilarda ham qanchalik donishmandlik, oliy ta’limni yaxshilash uchun nihoyatda zarur bo‘lgan fidoyilik va jonkuyarlik yashirinib yotganini his qildim. Axir ular bevosita xalqning orasida, ta’lim-tarbiyaning ichida-da! Ularni ko‘rib va eshitib, muhtaram Prezidentimizning ayrim ma’muriy-buyruqboz rahbarlarga qarata «xalq orasiga boringlar, oyoqlaring yerdan uzilmasin», deganlarida naqadar hikmat borligiga amin bo‘ldim.

Qarang, ziyolilarimizda qancha teran fikrlar to‘planib qolgan ekan! Ularni eshitish kerak! Balki hamma fikrlar ham manzilga tez eltmas. Ammo, hech bo‘lmaganda, birgina ijobiy fikrning borligi ham yoqimli hodisadir. Masalan, Termiz davlat universiteti rektori Abduqodir Toshqulov ta’lim-tarbiya jarayoniga diniy-ma’rifiy ta’limotni olib kirish kerak, degan fikrni aytdi. Garchi, ijtimoiy tarmoqlarda fikrga ba’zi rasmiylar tomonidan e’tirozlar bildirgan bo‘lsa-da, aslida bu xalqimizning dilidagi gap-ku.

Biron-bir ko‘rsatuvni bilmadimki, bahs-munozarasiz o‘tgan bo‘lsa. Ko‘plab mulohazalar o‘rtaga tashlandi. Ularning hammmasi ham to‘g‘ri emasdir. Ammo biz fikr aytish, munozara madaniyatini o‘rganayapmiz, qatag‘on bo‘lishdek qo‘rqinch hissini asta-sekinlik bilan yengib borayapmiz. Mana shuning o‘zi mamlakatimizda demokratik tamoyillarning tobora ildiz otib borayotganidan dalolatdir. Shu paytgacha quyushqondan chiqishi ta’qiqlangan, faqat yozib berilganini yodlab, gapirib beradigan talaba bugun yuksak minbarlardan o‘z fikrini dadil aytayotgani quvonarli bir holdir.

Tabiiyki, biz Xalqaro press-klubning Samarqandda o‘tgan sessiyasi hamda rektorimiz Rustam Xolmurodovning mavzu doirasidagi mulohazalari bilan ko‘proq qiziqdik. Ularni eshitib, ta’limiy-ma’rifiy ildizlari bir necha ming yilliklarga borib taqaladigan, qadimiy va navqiron Samarqand davlat universiteti o‘zining ilmiy va ma’naviy salohiyati bilan muhtaram Prezidentimiz oliy ta’lim muassasalari oldiga qo‘ygan talablarni amalga oshirishga qodir, degan xulosaga keldik. Darhaqiqat, hurmatli rektorimizning «barcha harakatlar ta’lim sifatini yaxshilashga qaratilgan bo‘lishi kerak», degan fikri amaliyotimizda g‘oyatda zarurdir. Ana shundagina biz ta’lim-tarbiya sohasida kutilgan «yuqori materiya»ga erishamiz.

 

Suyun KARIMOV,

SamDU professori.