Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tovlamachiga emas, testga ishoning

Yaqinda ziyoli tanishim kelib, o‘g‘lining oliy o‘quv yurtiga kirishi tashvishi bilan yurganini gapirib qoldi.

- Uch qizimni bir amallab institutga joylagandim. Bittasi bu yil bitirdi, diplom oldi, ish topolmasdan o‘z idoramga «otdel kadr» qilib oldim.

- O‘qigan kasbi bo‘yicha ishlasa bo‘lmasmidi?

- To‘g‘risi, qishloqda rus tili muallimi yo‘q edi. Institutga kirish bali kam bo‘ladi, deb rus guruhiga kiritishgandi. Qiynalib yaxshi o‘qiy olmadi. Harqalay diplomi bor-ku. Kenjamning tashvishi og‘irroq, uni «yurfak»ka qo‘ymoqchiman.

- Qo‘yaman deganingiz nimasi, bilimi bo‘lsa test topshirib kiraveradi-ku...

- Bilimi-ku bor, katta pul to‘lab repetitorga bergandim. Lekin odamlar tanish-bilish bo‘lmasa, haliyam bilimli bola o‘tolmaydi, deyishyapti. Bir amallab testga kirib chiqadiganlardan tanish topishim kerakda...

To‘g‘risi, ko‘rinishidan duppa-durust ziyoli ko‘ringan tanishimning jamiyatdagi o‘zgarishlarga befarqligi, miyasida qotib qolgan aqidasidan yuragim og‘ridi. Unga biror narsani tushuntirish qiyin ekani yana bir azob. Tag‘in o‘g‘lini ham ergashtirib olgan.

Ikkinchi voqea ayol tanishim bilan bo‘ldi. Uning ixchamgina do‘konchasi bor. O‘g‘li iqtisodiyot fakultetini bitiryapti. Ichki ishlar safidan haydalgan eri hech qayerda ishlamaydi, hozir boshqa ayol bilan yashaydi. Darvoqe, bu tanishim maktabni bitirgan qiziga nochor oilalar qizlari uchun kirish imtihonida beriladigan imtiyozga da’vogarlik qilmoqda. O‘zingiz ayting, hali oliy ma’lumot olmagan o‘g‘li va qiziga allaqachon Samarqanddan kvartira olib qo‘ygan onaning qizini sharoiti og‘irlar haqiga sherik qilishga intilishi insofdanmi?

Ko‘chada gap ko‘p va turli-tuman, lekin aqlli ota-ona agar farzandiga jonkuyar bo‘lsa, o‘g‘il-qizining kelajagini o‘ylasa, zamon evrilishini anglashi, aql bilan ish tutishi zarur. Imtiyozga intilish bolaning ilm olishga bo‘lgan ishtiyoqini so‘ndiradi. Mabodo, o‘qishga kirolmasa, abituriyent buning sababini o‘zining bilimi pastligidan emas, ota-onasining harakat qilmaganidan ko‘radi.

Endi keling, har bir fikri tiniq inson, ta’lim tizimida, xususan oliy ta’lim muassasasiga kirishda yoshlarga keyingi 2-3 yil ichida yaratilgan imkoniyatlarni bir eslab o‘taylik.

Bitta Samarqandning o‘zida yangidan bitta universitet, to‘rtta OTM filiali ochildi. Yangi bo‘lim va fakultetlar, sirtqi, kechki ta’lim yo‘nalishlari ish boshladi. Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonda tahsil olayotgan talabalarning o‘qishi hech qanday sinovlarsiz o‘zimizdagi oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirildi. Katta natijaga erishgan sportchi, san’atkor yoshlar institutga imtihonsiz qabul qilindi. Kollejda yaxshi o‘qiganlar diplom olgach, ta’limni OTMda davom ettirishi mumkin.

Test sinovlari soddalashtirildi. Endi yigit-qizlar 5 ta OTM uchun bitta test sinovi topshiradilar. Kvotalar o‘rtacha jami 150 ming nafarga yaqinlashib qoldi. Bu esa 2-3 yil oldingidan ikki baravar ko‘p degani.

Xo‘sh, hurmatli ota-onalar, endi adolat bilan ayting-chi, sizning farzandingizga yana qanaqa imtiyoz kerak? Shuncha imtiyoz bilan o‘qishga kirolmaydigan noshud bolani yetaklab yurishdan sizga nima naf? Sal oldinroq tanish-bilishchilik bilan o‘qishga kirgan, bugun idoralarda ishlayotgan, lekin noshudligi bois muammolarimizga yechim topa olmayotgan kadrlar taqdiri sizga saboq bo‘lmayaptimi?

Xurshida ERNAZAROVA.