Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

To‘y bahona shovqin ko‘tarish milliy an’analar va odob-axloq normalariga zid bo‘lgan nomaqbul odat

Joriy yilning 17 oktyabr kuni saytimizda “Mahalla oqsoqollari aytilmagan to‘yga kelmadi” sarlavhasi bilan Samarqand shahridagi Kimyogarlar qo‘rg‘oni, 29-dahada mash’ala ko‘tarib, ko‘chani tirband qilgan va shovqin ko‘tarib, butun shaharchani “boshiga ko‘targan” kuyov jo‘ralar mahalla oqsoqollari yoki posbonlari tomonidan tartibga chaqirilmagani yuzasidan maqola e’lon qilgan edik.

Mazkur maqolada ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha Samarqand viloyati mahallalar kengashi tomonidan quyidagi munosabat bildirildi:

“To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar xalqimizning uzoq yillik qadriyatlari va an’analarini o‘zida aks ettiradi. Biroq bunday tadbirlarni o‘tkazishda milliy an’analarimiz va odob-axloq normalariga mutlaqo zid bo‘lgan nomaqbul odatlarning kirib kelgani achinarli hol. O‘ylab topilgan ushbu “urf-odatlar” keng jamoatchilikning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Bu holatlarni bartaraf etish bo‘yicha mahalla faollari tomonidan tegishli targ‘ibot va tushuntirish tadbirlari olib borilmoqda.

Joriy yilning 15 oktyabridan 16 oktyabrga o‘tar kechasi soat 22:00 dan 23:50 gacha Kimyogarlar shaharchasining 29-dahadagi to‘ydan keyingi kuyov jo‘ralarning ko‘chada tirbandlikni vujudga keltirgani va uyqu payti aholi tinchini buzgani 18 oktyabr kuni Nurli kelajak mahalla fuqarolar yig‘inining kengash yig‘ilishida muhokama qilindi. Mazkur holatda tuy egalari ogohlantirilib, yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borildi. Shu bilan birga, kechki paytda aholi tinchligini ta’minlash bo‘yicha mas’ul mahalla uchastka noziri va uning yordamchisi – mahalla posboniga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi o‘tkazilayotgan tuy va marosimlarni bir o‘zi tartibga sola olmaydi va bunda jamoatchilik vakillari, ichki ishlar idoralari xodimlari, nuroniylar va diniy ulamolarning hamkorligi talab etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 2019 yil 14 sentyabrdagi “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori mohiyati ham to‘y va marosimlarda ortiqcha xarajat va isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik, birgalikda xalqimiz farovonligi va rivojini ta’minlash maqsad qilingan.

Samarqand viloyati mahallalar kengashi matbuot kotibi”.