Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Urgutlik fuqaroning uyidan “marixuana”, ov quroli va patronlar topildi

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Urgut tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro S.Z.ning yashash xonadoni belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi. Mazkur tadbirda giyohvandlik va portlovchi moddalarni qidirib topishga mo‘ljallangan “Zevs” va “Daggi” laqabli xizmat itlari yordamidan ham samarali foydalanildi.

Natijada, ushbu shaxsning xonadonida 5 dona selofan paketlarga solingan, vazni 810,06 gramm bo‘lgan, yashil rangli, o‘tkir hidli “marixuana” giyohvandlik vositasiga o‘xshash moddalar, shuningdek, ruxsatnoma muddati o‘tgan 1 dona “TOZ” rusumli 12 kalibrli qo‘shotar ov quroli, 27 dona bo‘sh 12 kalibrli gilzalar va hujjatlari bo‘lmagan 6 dona kichik kalibrli o‘q otish quroli uchun mo‘ljallangan patronlar saqlanayotgani fosh etildi.

Shundan so‘ng tadbir davom ettirilib, fuqaro S.Z.ning Samarqand shahrida joylashgan xonadoni ham xolislar ishtirokida ko‘zdan kechiriladi. Xonadondan 1 dona polietilen paket ichiga solingan vazni 4,6 gramm bo‘lgan, yashil rangli, o‘tkir hidli “marixuana” giyohvandlik vositasiga o‘xshash moddalar borligi ma’lum bo‘ldi.

Tadbir davomida vazni 814,66 gramm bo‘lgan “marixuana” giyohvandlik vositasiga o‘xshash moddalar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi. Hozirda mazkur holatlar yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.