Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Virusning yangi «hunar»lari chiqyapti

Testlar to‘g‘ri chiqmayapti, kovidning belgilari bo‘lmasa-da, test natijasi musbat ekan, kasallikning yangi belgilari paydo bo‘lyapti…

Koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon virus o‘z «ayyor»ligini namoyish qilayotir va inson organizmida turli belgilar, asoratlar qoldirmoqda. Shuning uchun bo‘lsa kerak, xastalik bilan bog‘liq savollar ko‘paymoqda. Yangi fasl boshlanishi bilan kasallik kechishi o‘zgarishi, virusning turli yoshdagi insonlarda o‘zini qay tarzda namoyish etishi, aholi bu vaziyatda qanday yo‘l tutishi yuzasidan gazetamiz orqali mutaxassislar fikrlarini berib boryapmiz. Bu safar yuqoridagi kabi savollar yana ko‘paygani sabab viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi rahbari Adham BAHROMOVga murojaat qildik.

- Kuz fasli boshlanishi bilan virusning avj olgani sezildi. Bu vaziyatda markaz xodimlari testlarni o‘z vaqtida tekshirib berishi uchun sharoit yetarlimi?

- Kuz-qish mavsumida ko‘plab infeksion, virusli xastaliklar avj oladi, jumladan, koronavirus ham. Bu haqda mutaxassislar oldindan ogohlantirib, aholini ehtiyotkor bo‘lishga chaqirib kelmoqda. Xususan, zotiljam xastaligi ham aynan kuz oylarida ko‘payadigan xastalik. Qolaversa, zotiljamning ham o‘nlab turlari mavjud. Test masalasiga kelsak, albatta, epidemiologik va tibbiy ko‘rsatmasi bor, aholidan o‘z vaqtida test olish va natijalarini aniqlash uchun barcha sharoitlarga egamiz.

- Keyingi paytlarda koronavirusning boshqa belgilari paydo bo‘layotgani test natijalariga ta’sir o‘tkazyaptimi?

- Albatta. Sababi, test faqatgina tomoq, nafas yo‘llarida virus bo‘lsagina aniqlab beradi. Vaholanki, keyingi oylarda dunyo bo‘yicha mutaxassislarning kuzatuviga ko‘ra, virus tananing boshqa a’zolariga ham shikast yetkazayotgani aniqlanmoqda. Misol uchun, rossiyalik shifokorlar ularda kovid aholining 30 foizida ichak faoliyatining buzilishi bilan kechayotganini aytishdi. Mamlakatimizda ham bu holat kuzatilmoqda. Ayrim bemorlarni tomoq og‘rig‘i, nafas yo‘llarida hech qanday kasallik bo‘lmasa-da, ich ketish, qayt qilish kabi simptomlar uchramoqda. Vaqt o‘tishi bilan hid va ta’m sezmasligi mumkin. Bu holatda bemor test topshirsa-da, unda koronavirus aniqlanmaydi. Sababi, test faqatgina nafas yo‘llaridagi virusni aniqlashga mo‘ljallangan.

- Demak, virus nafaqat o‘pka, balki organizmning boshqa a’zolarini ham zararlashi va uni belgilarga qarab o‘z vaqtida aniqlash mumkin, shundaymi?

- Ushbu virusning qanchalik «ayyorligi» haqida ko‘p gapiryapmiz. Afsuski, bunga aholida ham, kezi kelganda tibbiyot xodimlarida ham ishonchsizlik holatlari bo‘ldi. U kundan-kunga o‘z qiyofasini o‘zgartiryapti, dunyo olimlari qatori mamlakatimizda virusning kechishi bilan bog‘liq holatlar doimiy ravishda o‘rganib borilmoqda. Shuning uchun davolash standartlari tez-tez o‘zgaryapti, unga qo‘shimchalar kiritib borilmoqda. U markaziy nerv tizimiga, qolaversa, inson organizmning turli a’zolariga o‘z ta’sirini ko‘rsatyapti. Shuning uchun surunkali xastaliklari bor insonlar o‘zini ehtiyot qilishi lozim. U yoki bu xastalikdan davolangan kishilar ham sog‘liklariga e’tiborli bo‘lishlari zarur. Muhimi, sog‘lom ovqatlanish, jismoniy harakatlarni o‘z vaqtida amalga oshirish kasallikni yengishning asosiy omilidir.

- Keyingi paytlarda qaysi tumanlarda kasallik ko‘proq qayd etilyapti?

- Kasallik qayd etilishi holatlari barcha hududlarda kuzatilmoqda. Ammo ko‘proq Kattaqo‘rg‘on, Past Darg‘om, Payariq, Urgut tumanlarida qayd etilayapti.

- Kasallikni simptomsiz o‘tkazayotgan insonlar haqida nima deysiz?

- Simptomsiz holatda kishida virus aniqlansa, bu inson atrofdagilar bilan yaqin muloqotda bo‘lmaslikka harakat qilishi lozim. Ammo bunday insonlarni bemor deb hisoblash noto‘g‘ri. Kasallik belgilari bo‘lmagach, unga potensial kasal sifatida qarash imkoni yo‘q. Umuman, testni, iloji bo‘lsa, o‘zida kasallik belgilari bo‘lgan kishilar topshirishi maqsadga muvofiq.

Bir necha oydan buyon aytib kelinayotgan, pandemiya holatidan kelib chiqqan holda shakllangan qoidalar hozir ham muhim. To‘g‘ri, karantin qoidalari yumshatildi, to‘ylarga ruxsat berildi. Ammo bu degani qaysi davraga bormang, tanishlaringiz bilan qo‘l berib, quchoqlashib ko‘rishish mumkin, degani emas. Ayniqsa, to‘ylarda ayollar o‘pishib ko‘rishishlari bilan o‘z sog‘liqlarini jiddiy xatarga qo‘yyapti. Istaymizmi, yo‘qmi, qoidalarga rioya qilmas ekanmiz, kasallik ko‘payadi. Sog‘lig‘ingizni asrash, himoyalash, avvalo o‘zingizga bog‘liqligini unutmang.

Gulruh MO‘MINOVA suhbatlashdi.