Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yangiyo‘lda samarqandlik yigit 45 millionlik «Regapen» bilan qo‘lga olindi

Toshkent viloyati IIBB jinoyat qidiruv boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan joriy yilning 9 yanvar kuni Yangiyo‘l shahrida o‘tkazilgan tadbirda fuqaro Z.T. qo‘lga olinib, undan taxminiy narxi 45 million so‘mlik jami 80 ta konvalyutada 1 ming 120 dona «Regapen» hamda 250 quti «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Tezkor tadbir davomida Samarqand viloyati, Bulung‘ur tumanida ro‘yxatda turib, vaqtincha Yangiyo‘lda yashayotgan, xususiy dorixona ish boshqaruvchisi, 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro Z.T. yashash xonadoni oldida, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, qora rangli charm sumka va polietilen paket ichida 40 ta konvalyutaning har birida 14 donadan jami 560 dona «Regapen» va 175 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi moddalar sotish maqsadida saqlab yurganligi aniqlanib ushlangan.

Olib borilgan surishtiruv davomida u dori vositalarining bir qismini vaqtincha yashab turgan uyida saqlab kelayotganligini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng uning xonadonidan yana 40 ta konvalyutaning har birida 14 donadan jami 560 dona «Regapen» va 75 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ashyoviy dalil sifatida olingan.

IIBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan fuqaro Z.T.ga O‘zbekiston Respublikasi JKning 251(1)-moddasi (kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) 3-bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.