Hokim Oqdaryoda talabalarni "imtihon"dan yiqitdi...

Bugun ham Samarqand viloyati hokimining sayyor qabuli o‘tkazildi. An’anaga ko‘ra, viloyatdagi barcha korxona-tashkilot, boshqarmalar rahbarlari erta tongdan Oqdaryoda yig‘ildi.

Tan olish kerak, Erkinjon Turdimovning sayyor qabullari tom ma’noda odamlarni eshitish kayfiyatiga qurilgan. Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, davlat idoralari xalqni eshityapti. Kimgadir yoqar, kimgadir yoqmas, ammo bu uchrashuvlar odamlarning yodida qolyapti. So‘nggi paytlarda bir necha bora tilga olinganidek, boqimanda, ishyoqmas fuqarolar qatorida haqiqatan ham muhtojlar, og‘ir holatga tushib qolgan odamlar bilan yuzma-yuz bo‘lishga to‘g‘ri kelyapti.

Masalan, Maqsuda Egamberdiyeva qo‘lida o‘roq ko‘tarib kirib keldi. Bu ayolning ilk holatiyoq mehnatda toblangan, ishdan qochmaydiganlar xilidan ekanligini isbotlab turibdi.

Maqsuda opa turmushidan ajragan, ikki farzandni tarbiyalab kelyapti. Yolg‘iz boshi bilan bolalar tarbiyasi, o‘qishi, yashashidan ortib, uyini ta’mirlab olishga qurbi yetmayotgan ekan. “Menga bittagina xonaning eshik-derazasi, pol va shifti uchun yordam bersangiz”, dedi ayol. Hokim uning vaziyatini inobatga olib, homiylik yordami ko‘rsatilishini ma’lum qildi.

– Tumanimizga hokim kelayotganini eshitib, bu yoqqa qarab yugurdim, – deydi o‘zining holatiga izoh berganday M.Egamberdiyeva. – Mahallada haq to‘lanadigan jamoat ishida ishlayman, oyligim 600 ming so‘m atrofida. Uyimni ta’mirlab olishga o‘zimning kuchim yetmayapti. Rahmat, hokim arzimni qabul qildi.

“Homiylik”.

Homiylik so‘nggi paytlarda shunchalik ommalashdiki, rahbarlar bu so‘zni eshitsa, bir seskanib tushyapti. Sabab?

Murojaatchilarning aksariyati homiylik yordami so‘raydi. Muhtoj ham, muhtoj bo‘lmagan ham. “Muhtoj bo‘lmagan” degan iborani qo‘llayotganimiz boisi, tani-joni sog‘lom odam ishlasa, muhtoj bo‘lmaydi. Erkinjon Turdimov o‘tgan safargi sayyor qabulida aytganidek, Oqdaryoda ham voyaga yetgan bolalari, oilasida sog‘lom erkagi bo‘lgan fuqarolarning moddiy yordam so‘rab qilgan murojaatini rad etdi.

Hokimning “ishyoqmaslarga ko‘maklashmayman”, degan gapi yig‘ilishga kelgan bir rahbar tanishimizga ma’qul kelganini yashirmadi.

– E’tibor qiling, murojaatchilarning ayrimlari nogiron farzandini olib kelgan, – dedi u. – Lekin oilada bir nafar bola nuqson bilan tug‘ilgan bo‘lsa, uning akalari, otasi sog‘lom-ku. Nega ular bu muammoni hal qilish uchun harakat qilmaydi? Aytaylik, nuqsonli bolalarni nega aynan ona yetaklab kelishi kerak? Oilaning erkaklari andisha qilmaydimi? Axir bundan bir necha o‘n yil avval bu holatlar uyat sanalgan. Qizining turmushi buzilgani ota uchun or hisoblangan. Buni boshqalardan yashirishgan. Endi-chi? Nega bugun turmushi buzilgan qizini yetaklab, kimdandir homiylik qilishini so‘rashni or bilmay qoldik? Rosti, biz uyatsizlikka o‘rganib qolishimizdan qo‘rqaman.

Sayyor qabuldagi yana bir holat kishi e’tiborini tortdi. Ya’ni, qabul o‘tadigan joyga erta tongdan nogironlik aravachalari, hassa va qo‘ltiqtayoqlar ko‘rgazmaga qo‘yilganday olib kelib qo‘yildi. Xo‘sh, bu bizda nogironi bo‘lgan shaxslar ko‘payayapti, ko‘rib qo‘ying, deganimi? Yoki biz mana, homiylik qilyapmiz. Nogironlarni qo‘llab-quvvatlayapmiz, degan iddaoni viloyat hokimiga, boringki, XALQQA ko‘rsatib qo‘yishmi?! Nega shu ish boshqa kuni qilinmadi? Anglashiladiki, biz birovdan yordam so‘rashdan ham, muhtojga yordam qilishni ko‘z-ko‘z qilishdan, iddaodan ham uyalmay qoldik.

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti agronomiya fakultetining 67 nafar talabasi joriy o‘quv yilida O‘zbekiston tarixi fanidan yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tolmagan. Ularning aytishicha, davlat attestatsiyasi o‘tkazilishi taxminan 10 kun oldin ma’lum qilingan. Bu nizom talablariga zid. Shu kabi bir qator vajlar keltirilgan. Buni viloyat adliya boshqarmasi ham tasdiqlayapti va natijada attestatsiyaga mas’ul rahbarlarga intizomiy chora ko‘rilgan. Ammo ular hamon ish joyida, talabalar esa aziyat chekyapti.

Yoshlarning murojaatini eshitgan hokim ularga o‘zlariga bevosita taalluqli bo‘lgan sohadan savol berdi:

– Oltinko‘z hasharoti qanday ko‘payadi? U nima bilan oziqlanadi?

– Tuproq tarkibi nimalardan iborat?

– Paxtaning rivojlanish bosqichlarini sanab bering...

Hokim qanoatlanarli javob olmagach, “Sizlarga baho qo‘yadigan olimgayam, diplom beradigan institutgayam qoyil qolmagan bo‘lardim”, dedi.

Hokim talabalarga bu muammo bilan tegishli vazirlik va idoralar shug‘ullanishini ma’lum qildi.

Gulnoza Xudoyberdiyeva, Past Darg‘om tumanidan:

- Bugun hokimga shunchaki, rahmat aytgani keldim. Bolalarimni davolatishim uchun yordam berdi. Bunday uchrashuvlar sabab ko‘plab odamlarning og‘iri yengil bo‘lyapti.

Sayyor qabulga kelganlar orasida hokimdan minnatdor bo‘lganlarni ham ko‘rdik.

Ammo shunday holatlar borki, buning uchun viloyat rahbarini bezovta qilishga hojat yo‘q. Aytaylik, Miyonqol mahallasidan kelgan Tursun Egamberdiyevning murojaatiga tumanning o‘zida yechim bor edi. Ya’ni, markazdan 13 kilometr masofada joylashgan Miyonqol mahallasida chiqindixona yo‘q. Hududga chiqindi to‘kilishi oqibatida mahallada antisanitar holat yuzaga kelyapti.

Savol tug‘iladi, nega bu kabi muammolar tumanning o‘zida yechimini topmayapti? Xalqimizning o‘zi kimga murojaat qilishni bilmaydimi yoki tuman mutasaddilari bunday vaziyatlarga YuQORIDAN qaraydimi?

- Sayyor qabulda fuqarolarimiz murojaat qilgan masalalar, asosan, uy-joy, uni ta’mirlash, yo‘l qurilishi kabilardan iborat bo‘ldi, - deydi Oqdaryo tumani hokimi Feruz Abilov. – Shu bilan birga o‘zimiz, tumanimizda hal qilishimiz mumkin bo‘lgan ayrim masalalar, masalan, mahallalarda chikindixonalarning tashkil etilmaganligi, yer va mulk bo‘yicha nizolar, oilaviy mojarolar yuzasidan sayyor qabulda aytilgani biz, tuman hokimligi, huquq-tartibot idoralari xodimlarini ba’zida o‘z vazifamizga chuqurroq e’tiborda bo‘lmaganimizni ko‘rsatib berdi. Negaki, fuqarolarimizning bu masalalarda viloyat hokimiga murojaat qilishi biz uchun og‘riqlidir. Bundan o‘zimizga tegishli xulosa chiqardik.

Endi o‘zimizning xulosa. Bu kabi sayyor qabullarda 500-600 tagacha muammolar ko‘tarilayotgani sababi – joylarda ODAMLAR YeTARLIChA EShITILMAYaPTI. Arzchiga o‘z vaqtida tushuntirish berilmayapti, qonuniy yechim izlanmayapti. Murojaatlar salmog‘i hududlarda mas’ullarning o‘z ishiga nechog‘li mas’uliyat bilan qarayotganini ko‘rsatib beryapti.

Nazarimizda deputatlar, tashkilot rahbarlari, tuman mas’ullari joylarda ochiq muloqotlarni ko‘paytirishi kerak. To‘g‘ri, viloyat hokimi yo‘l qurilishi, ichimlik suvi, gaz ta’minoti bilan bog‘liq juda ko‘p murojaatlarga yechim topib berdi yoki ularni qisqa muddatda hal etish bo‘yicha tegishli tashkilot rahbarlari zimmasiga vazifa yukladi.

Biroq soha rahbarlari, tuman hokimining o‘rinbosarlari allaqachon bajarishi mumkin bo‘lgan ishlar ham bor ekan.

Faqat viloyat hokimi emas, qabulga kelgan boshqa rahbarlar ham kimningdir ustidan arzimagan shikoyat qilgan, imkoniyati yetsa-da, yangi uyga birinchi to‘lov uchun yordam so‘rab turganlarga, yonidagi maktabning sport zali, maydoni bo‘laturib, yangi sport zali qurishni talab qilganlarga vaziyatni tushuntirishni o‘rganishdi. Bu yaxshi holat.

Viloyat hokimining sayyor qabuli joylarda davom etmoqda, u huquqiy targ‘ibot vazifasini ham o‘tamoqda. Lekin tushgan savollarni monitoring qilish haqida tuman mutasaddilari o‘ylab ko‘radigan vaqt kelmadimi?

Isomiddin PO‘LATOV.