Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ota–ona sotiladi: Ota - 68, ona - 66 yoshda.

Bu olamshumul voqea Yaponiyada sodir bo‘lgan. Ona-onalarning sotilishlari haqida... Tokio ro‘znomalarining birida navbatdagi hayratlanarli e’lon chiqdi. Unda shunday yozilgandi:

«Ota - ona sotiladi. Ota - 68, ona - 66 yoshda. Narxi: 900 yen».

Bu e’lonni ko‘rganlar chinakam hayratga tushardi. Ba’zilar: «Eh, qanday zamonlarga qoldik-a? Ota-onalar ham endi sotilayotgan emish! Hukumat qayerga qarayapti?» Xullas, mish-mishlar qaynadi.

Ana shu ro‘znoma yaqindagina avtohalokat tufayli vafot etgan ota-onasini tuproqqa qo‘ygan yosh oilaning qo‘liga tushdi. Judolikda qolgan farzandlar chuqur qayg‘uda edilar. Ular uchun ota-onani sotish istagida yozilgan e’lon nonko‘rlikdek ko‘rindi. Sotilayotganlarning qalbida bu holatda nimalar bo‘lganini o‘ylashning o‘zi bu yosh oilaga qo‘rqinchli edi. Shuning uchun ular bu ikki qariyani sotib olib, mehr-muhabbat ko‘rsatib, g‘amxo‘rlik qilishga ahd qilishdi.

Ular aytilgan manzilga kelib ajablandilar.  Qarshilarida hashamatli uy, yorqin ranglar taralgan hovli ko‘rinib turardi. Manzilda adashganlariga amin bo‘lib turganlarida, eshik ochilib, bir keksa kishi ularni tabassum bilan qarshiladi.

- Salomatmisiz? Qandaydir tushunmovchilik bo‘lgani aniq, ammo... lekin e’londa sizning uy manzilingiz ko‘rsatilgan ekan...

Notanish kishi:

- Hammasi to‘g‘ri! Ichkariga marhamat! - dedi hayajonlanib.

Mehmonlarni o‘tirishlarini so‘rab, rafiqasini chaqirdi.

- Ko‘rib turganingizdek, biz moddiy jihatdan muhtoj odamlar emasmiz. Lekin, bizning merosxo‘rmiz - farzandlarimiz yo‘q. Shuning uchun e’lon orqali o‘zimizga munosib nomzod topishga qaror qildik. Biz bu e’longa faqat mehr va odamiylik hissi yuqori kimsalargina javob qilishini bilardik! Ammo bunday insonlar topilishiga shubhada edik. Bu ishingiz sizlar uchun sharafdir! Sizni uchratganimizdan juda mamnunmiz! - dedilar!

U.Abdulloh tarjimasi.