Davlat xizmatlari agentligi Payariq DXMdagi holatga munosabat bildirdi
Bugun saytimizda Samarqand viloyati Payariq tumani Davlat xizmatlari markazida oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirish uchun kelgan abituriyentlar oqimi keskin oshgani natijasida yuzaga kelgan navbatlar haqida fotoaxborot bergan edik.
Davlat xizmatlari agentligi mazkur holat bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qildi:
Bugungi kunda haqiqatdan ham barcha OTMga hujjat qabul qiluvchi komissiyalar va ayrim Davlat xizmatlari markazlarida hujjat topshirish uchun tashrif buyurgan abituriyentlar oqimi keskin oshgani natijasida navbatlar paydo bo‘lishi kuzatilmoqda.
Davlat test markazining ma’lumoti ko‘ra, haqiqatdan ham Samarqand davlat universiteti joriy yilda abituriyentlar orasida eng talabgor hisoblanadi va unga 20 mingdan ortiq abituriyent hujjat topshirgan.
DXMlarda navbat paydo bo‘lishi sabablaridan biri — ular hozircha ilgari mavjud bo‘lgan “Yagona darcha” markazlari binosida joylashgan. Ammo avvalgi markazlardan farqli o‘laroq, ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘payib,, tashrif buyuruvchilar soni bir necha marotabaga oshgan.
Davlat xizmatlari agentligi ushbu muammoni bartaraf etishga qaratilgan ishlarni olib bormoqda. Bugungi kunga qadar respublika bo‘ylab 30 ga yaqin zamonaviy, har tomonlama qulayliklarga ega va so‘nggi texnologik yechimlarni o‘z ichiga olgan Davlat xizmatlari markazlari foydalanishga topshirildi.
Xususan, Samarqand viloyati Payariq tumani Davlat xizmatlari markazi zamonaviy binosini joriy yilning noyabr oyida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, aynan oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish jarayoni qulayroq bo‘lishi uchun kuni kecha Davlat xizmatlari agentligi tomonidan belgilangan ro‘yxatdagi OTMlarga endilikda hujjatlarni tunu kun - 24 soat davomida topshirish imkoniyati yaratildi.
Shu bois, hurmatli abituriyentlarimizga jazirama issiqda navbatda turmasdan o‘zlariga qulay bo‘lgan vaqtda Davlat xizmatlari markazlariga tashrif buyurishlarini tavsiya qilamiz, deyiladi xabarda.