1 martdan boshlab litsenziya litsenziyalovchi organ tomonidan amal qilishi cheklanmagan muddatga beriladi

Samarqand viloyatida bugun turli xo‘jalik sub’yektlari tomonidan 38 ta bojxona omborlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Shundan 28 tasi ochiq turdagi va 10 tasi yopiq turdagi bojxona omborlari hisoblanadi.

Mazkur bojxona omborlarining O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Bojxona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo do‘koni faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari asosida ish yuritishini tashkil etish maqsadida Samarqand viloyati bojxona boshqarmasida o‘quv-seminari tashkil etildi.

Unda asosiy e’tibor bojxona omborlari faoliyatiga doir qonunchilikdagi yangiliklar va ularning mazmun-mohiyatiga qaratildi.

Seminarda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida bojxona tartib taomillarini soddalashtirish, bojxona omborida bojxona nazorati ostida saqlanayotgan tovarlar ustidan nazorat qilish hamda bojxona ombori faoliyatini litsenziyalash bilan bog‘liq amaldagi normativ huquqiy hujjatlarga bir qator qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilganligi xususida ma’lumotlar berildi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan 2018 yil 1 iyuldan boshlab bojxona omborlarida uch yildan ortiq saqlanib kelinayotgan mol-mulklar bojxona organlari tomonidan ushlab qolinadi va ular uch oy davomida talab qilib olinmagan hollarda sud qarori asosida davlat foydasiga undiriladi. Keyinchalik belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan sotilishi yoki yo‘q qilinishi belgilangan.

Shuningdek, mazkur farmonga muvofiq:

- 2018 yil 1 iyundan boshlab boj olinmaydigan savdo do‘koni, erkin ombor va bojxona ombori faoliyatini litsenziyalash markazlashtirilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi markaziy apparati tomonidan amalga oshiriladigan bo‘ldi.

(Bunga qadar “bojxona ombori”, “boj olinmaydigan savdo do‘koni” hamda “erkin ombor” faoliyati bilan shug‘ullanish uchun litsenziyalar bojxona organining hududiy bojxona boshqarmalari tomonidan berilar edi).

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 dekabrdagi “Bojxona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo do‘koni faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori asosida 2019 yil 1 martdan boshlab litsenziya litsenziyalovchi organ tomonidan amal qilishi cheklanmagan muddatga beriladi.

(Bunga qadar “bojxona ombori”, “boj olinmaydigan savdo do‘koni” hamda “erkin ombor” faoliyati bilan shug‘ullanish uchun litsenziyalar 5 yil muddatga berilar edi).

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.