10 barobar "nagruzka" bilan ishlayotgan tizim qarzdorlikning yarmini ham undira olmayapti
Xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida viloyat Majburiy ijro byurosi boshlig‘ining hisobotidan so‘ng shunday xulosa qilish mumkin.
Hisobotga ko‘ra, viloyatdagi MIB organlarida 164 nafar davlat ijrochisi faoliyat olib bormoqda. O‘tgan yilda 368 971 ta ijro hujjatlari tamomlangan, ya’ni yakuniy qaror qabul qilingan. Bu esa bir oyda har bir davlat ijrochisiga o‘rtacha 187 ta ijro hujjati to‘g‘ri kelayotganini ko‘rsatadi.
Vaholanki, Adliya vazirligi va Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2011 yil 4 martdagi “Sud ijrochilarining ish hajmi me’yorlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qarorida bitta davlat ijrochisi tomonidan bir oyda 19 ta ijro hujjatining ijrosi ta’minlanishi normal holat sifatida belgilangan.
Bundan ko‘rinadiki, davlat ijrochilari qariyb 10 barobar yuklama bilan ishlamoqda.
Buning oqibati esa sud qarorlari ijrosini ta’minlashda ham yaqqol "aks etmoqda".
Jumladan, o‘tgan yili 6,5 trln. so‘mlik ijro hujjatlari yuzasidan majburiy ijro tadbirlari amalga oshirilgan.
Alal-oqibat 2,4 trln. so‘mdan ortiq mablag‘ undirilgan (30 foizdan ko‘proq, lekin 40 foiz emas).