1096 ta mahallada ekin turlarining aniq hisob-kitobi ishlab chiqiladi: Kattaqo‘rg‘on baliqchilikka ixtisoslashadi
Viloyatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish hamda qayta ishlash hajmini ikki barobarga oshirish to‘g‘risida xalq deputatlari viloyat Kengashining qaroriga asosan viloyatda 1096 ta mahalla kesimida aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib, ekiladigan qishloq xo‘jalik ekinlarini turlari bo‘yicha aniq hisob-kitobi ishlab chiqildi.
Joriy yilda chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik va boshqa qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlaridagi tarmoqlar bo‘yicha qiymati 436,8 milliard so‘mlik 145 ta loyiha ishga tushiriladi. Qorako‘lchilik, qo‘ychilik yo‘nalishlarida jami 61 ta yangi loyiha, Prezidentimizning 2019 yil 28 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan sut yo‘nalishidagi 9 ta va bo‘rdoqichilik yo‘nalishidagi 5 ta zamonaviy qoramolchilik komplekslari ishga tushiriladi.
Shuningdek, parandachilik yo‘nalishida 40 ta loyiha va baliqchilik yo‘nalishida 30 ta yangi loyiha amalga oshirilib, Kattaqo‘rg‘on tumanini baliqchilikka ixtisoslashtirish hamda baliq yetishtirishni ko‘paytirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi.
Shuningdek, g‘alladan va makkajo‘xoridan bo‘shagan maydonlarga oraliq ekinlar ekish, belgilangan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish hisobiga har bir gektar maydondan 10-12 tonna ozuqa birligida hosil olinishi ta’minlanadi. Viloyatda omuxta yem ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amalga oshiriladigan 3 ta loyiha ishga tushiriladi.
Qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saqlash bo‘yicha amalga oshirilishi belgilangan quvvati 40 ming 150 tonnalik 16 ta loyihani muddatida amalga oshirish belgilangan. Qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash quvvati bo‘yicha amalga oshiriladigan 15 ta, shundan meva-sabzavotni qayta ishlash quvvati 26,2 ming tonnalik 10 ta, sutni qayta ishlash bo‘yicha quvvati 2,7 ming tonnalik 4 ta va quvvati 170 tonnalik 1 ta go‘shtni qayta ishlash loyihalari amalga oshiriladi.