11 oyda ekologiya sohasida 5 mingga yaqin huquqbuzarlik aniqlandi
Joriy yilning o‘tgan davrida Samarqand viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi va tuman, shahar inspeksiyalari tomonidan 4900 dan ortiq reyd tadbirlari o‘tkazilgan. Aniqlangan holatlar yuzasidan fuqarolarga 1 milliard 910,5 million so‘m jarima qo‘llanilgan.
Bu haqda Matbuot uyida viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan Samarqandda ekologiya sohasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.
- Huquqbuzaliklrni toifalarga bo‘ladigan bo‘lsak, 3055 holatda chiqindilarni belgilanmagan joyga tashlash, 1050 holatda atmosfera havosini muhofaza qilish, 130 holatda suv ob’yektlari bilan bog‘liq, 226 holatda yer va yerosti boyliklari, 317 holatda o‘simlik dunyosi, 83 holatda hayvonot dunyosini muhofaza qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar qayd etildi, - deydi boshqarma boshlig‘i D.Ochilov. – Mutaxassislarimiz tomonidan joylarda ekologiya va tabiatga zarar keltirmaslik bo‘yicha doimiy tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borilishiga qaramasdan, atrof-muhitga zarar yetkazish holatlari kuzatilmoqda. Huquqbuzarlik sodir etgan fuqarolarga tegishli tartibda jarimalar belgilangan.
Qayd etilishicha, 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yilning shu davrigacha viloyatimizda moratoriy davrida jismoniy va yuridik shaxslardan jami tuman, shahar davlat markazlari orqali tushgan 546 ta murojaatda 24,1 mingdan ortiq davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesishga ruxsat so‘ralgan. Shundan 236 murojaatdagi 13 mingdan ortiq batamom qurigan, dasturga tushgan yoki qurilish ishlariga xalaqit berganligi tufayli kesilgan. 290 murojaatdagi 12 mingdan ortiq daraxtlar saqlab qolingan. Mingga yaqin daraxt va butalarni ko‘chirib o‘tqazishga xulosa berilgan.