118 kun yuraksiz yashagan qiz

Taxminan 10 yil oldin Janubiy karolinalik (AQSh) Janna Simmonsda kam uchraydigan yurak kasalligi - kengaygan kardiomiopatiya tashxisi qo‘yildi. Qizning yuragi kameralari (yurakdagi to‘rtta ichi bo‘sh mushak organlari) kattalashib ketgan, shuning uchun qon normal aylana olmasdi. O‘sha paytda Janna 14 yoshda edi.

Odatda bunday tashxis qo‘yilgan bemorlarga yurak transplantatsiyasi amaliyoti o‘tkaziladi va Simmons bundan mustasno bo‘lmadi. Biroq, tana ko‘chirib o‘tkazilgan yangi yurakni qabul qila olmadi. Yurak ildiz otmadi va unda katta qon ivishi hosil bo‘ldi. Shu sababli, transplantatsiya qilingan organ ikki kundan so‘ng olib tashlanishi kerak edi. O‘sha payt ikkinchi operatsiya uchun mos yurak topilmadi va jarrohlar vaziyatdan chiqishning g‘ayrioddiy yo‘lini o‘ylab topishdi.

Shifokorlar Jannaga sun’iy organ qo‘ya olmas edilar, chunki shtat qonunlariga ko‘ra, uni voyaga yetmagan bemorlarga o‘rnatish taqiqlangan. Shu sababli, jarrohlar Simmons yuragi chap qorinchasi faoliyatini ta’minlash uchun mo‘ljallangan ikkita nasosga ulangan maxsus to‘qimalardan yasalgan vaqtinchalik yurak yasashdi. Ushbu qurilmaga ulangan holda Janna donorni 118 kun kutdi.

Shu davr davomida Simmons o‘tkir buyrak va jigar yetishmovchiligi va oshqozondan qon ketishini boshidan o‘tkazdi, lekin tirik qoldi. Bir necha oydan keyin Jannaga mos keladigan organ keldi va qizda bu safar muvaffaqiyatli bo‘lgan ikkinchi jarrohlik operatsiyasi o‘tkazildi. Transplantatsiyadan 20 kun o‘tgach, Simmons kasalxonadan chiqdi.

Shifokorlar 30 yoshga to‘lgunga qadar qiz yana jarrohlik amaliyotiga muhtoj bo‘lib qolishidan xavotirda. Simmonsning o‘zi, bu to‘rt oy davomida doimo qo‘rquv ostida yashaganini va o‘zini haqiqiy odamdek his qilmaganini aytadi.

“Men qurilma to‘satdan sinib, to‘xtab qolishi mumkinligidan qo‘rqardim. Bundan tashqari, u vaqti-vaqti baland ovoz chiqarib, boshqalarni ham qo‘rqitardi.”

B.Muhammadiyeva tayyorladi.