15 ming yigit-qiz haydovchilik guvohnomasi uchun bepul o‘qitiladi

Bu ma’lumot O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti rahbarining yoshlarga yo‘llagan murojaatnomasida keltirilgan.

Yaqinda O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti va Yoshlar ishlari agentligi rahbarlari yoshlarga murojaat qildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirning asosiy qismi poytaxtimizdagi “Yoshlar ijod saroyi”da bo‘lib o‘tdi. Videokonferens aloqa orqali yo‘llangan murojaatni viloyatimizdagi yoshlar vakillari Samarqand shahridagi yoshlar markazida onlayn tinglab kuzatdi.

- Keyingi vaqtlarda mamlakatimizda ishsiz, yordamga muhtoj yoshlarga alohida e’tibor qaratilyapti, - deydi “Vatanparvar” tashkiloti raisi Husan Botirov. - Joriy yilning 1 aprelidan “Yoshlar daftari” ro‘yxatidagi 15 mingga yaqin yigit-qizlar “Vatanparvar” tashkilotining o‘quv muassasalarida bepul o‘qitilishi rejalashtirilgan. O‘quv mashg‘ulotlarida yoshlar dastlab yengil va yuk avtomobillari, avtobus haydovchiligiga, keyingi bosqichlarda esa avtoelektrik, payvandlovchi va boshqa 10 dan ziyod kasb-hunarga o‘qitiladi.

Tadbirda Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa’dullayev ham yoshlarga murojaat qildi. Agentlik tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, “Vatanparvar” tashkiloti bilan hamkorlik, kelgusidagi rejalar xususida ma’lumot berdi.

Tadbir doirasida avtomototransport vositalari va sport texnikalari, harbiy qurol-aslahalar ko‘rgazmasi, musiqiy dasturlar namoyish etildi.

To‘lqin Siddiqov.