1,9 AQSh dollaridan kam mablag‘ga kun kechirayotganlar…
Kichik mablag‘ning katta foydasi
O‘tgan yillarda xorij xayriya jamg‘armalari mahalliy nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikda ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni ish bilan band etish maqsadida bir loyiha ustida ishladi. Ularga manzilli yordam berish rejalashtirilgani uchun har bir tumanda tegishli davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda shunday xotin-qizlar aniqlandi. Ularning ro‘yxatini tuzib berdi, ijtimoiy holati, nimadan aziyat chekkanligi hamda moliyaviy ahvoli, agar imkoni bo‘lsa, qo‘lidan nimalar kelishi, qaysi yo‘nalishda yordam olishi mumkinligi haqida to‘liq ro‘yxat shakllantirildi. Shundan so‘ng ushbu tashkilot vakillari shu qizlarni to‘plab, tajribali mutaxassislar ishtirokida ularga qisqa muddatli treninglar o‘ta boshladi. Treningda nafaqat oilaviy munosabatlarda ayolning o‘rni, balki uning o‘ziga nisbatan ishonchi ortishiga turtki bo‘luvchi mashg‘ulotlar ham o‘tildi. Shu mashg‘ulotlardan so‘ng ayollarning hayotga qarashlari o‘zgardi va endi nimalardir qila olishi mumkinligini o‘zlari anglay boshladilar. Ana shunda ularga moddiy imkoniyat berildi. Kimgadir sovutkich va sog‘in sigir, kimgadir gilam to‘qishi uchun xomashyo va uskuna, kimgadir pishiriq tayyorlab foyda ko‘rishi uchun pechlar bepul tarqatildi.
Xullas, har bir ayolning imkoniyatidan kelib chiqqan holda maqsadli yordam ko‘rsatildi va ular o‘ziga ishongan holda kichik ro‘zg‘orida o‘zgarishlarni amalga oshira boshladi.
Ehtimol, shu bilan loyiha yakun topishi mumkin edi. Ammo oradan biroz vaqt o‘tgach, ularning hayotida rostdan ham o‘zgarish sodir bo‘ldimi yo‘qmi, buni bilish maqsadida loyiha tashabbuskorlari ko‘rgazma tashkil qildi. Bu o‘ziga xos motivatsiya edi aslida. Ko‘rgazma ishtirokchilari, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar o‘z hayotidagi o‘zgarishlarni mahsulotlarini namoyish etish orqali ko‘rsata bildilar. Har bir ayol bilan gaplashar ekansiz, keyingi olti oy ichida hayoti qanchalik o‘zgarib ketganligini dildan his qilish mumkin edi. Vaholanki bir necha oy avval bu ayollar zo‘ravonlikdan jabr chekayapman, oilaviy mojarolardan charchadim, hayotdan to‘ydim, degan ayollar edi…
Ilk qadamlar
Bu misol maqolaning keyingi qismini o‘qigach, asosiy mavzuga mos tushmayotganday tuyular. Ammo xulosa qilishga shoshmang. Bugun mamlakatimizda uzoq yillar davomida aytilmagan faktlar oshkor etildi! Kambag‘al aholining mavjudligi va bunga qarshi kurash uchun jiddiy qadamlar tashlandi. O‘zbekiston Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi sifatida qayta tashkil etildi. 2020 yilda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun 100 milliard so‘m ajratiladi. Kelgusida ushbu maqsadlar uchun mo‘ljallangan mablag‘lar davlat byudjetidan moliyalashtiriladi.
Shuningdek, bu borada kam ta’minlangan va ishsiz aholi qatlamlari, asosan ayollar va yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasbiy ta’lim bo‘yicha hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilishi belgilangan. Vazirlik tomonidan davlat zaxiralarini boshqarish tizimini takomillashtirish va mahsulotlar narxi keskin oshishining oldini olish bo‘yicha mexanizmlar nazarda tutilgan prezident qarori loyihasi ishlab chiqiladi.
1 oktyabrga qadar yangi vazirlik tomonidan to‘rtta muhim hujjat ishlab chiqilishi belgilangan: «O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilgacha «Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish konsepsiyasi», «Sanoatni rivojlantirish strategiyasi», «Kambag‘allikni qisqartirish dasturi» hamda 2021 yildan boshlab barcha hududlarda iste’mol savatchasi va tirikchilik uchun zarur eng kam miqdorlar joriy qilinishini ko‘zlagan.
Davlat mablag‘ining monitoringini kim yuritadi?
Allaqachon hokimlik va boshqa tashkilotlar axborot xizmatlari tomonidan joylarda aholini kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgani haqida xabarlar berilmoqda. Qaysidir tuman kambag‘al deb hisoblangan aholiga yerdan tekin foydalanish va ekin-tikin qilishi uchun subsidiyalar, ba’zilarida ko‘chat, urug‘lik berilmoqda. Chorvachilik qilishi uchun qoramol, parrandachilikni rivojlantirish uchun jo‘ja, tovuq tarqatilishi ham kuzatilmoqda. Issiqxona tashkil qilinayotgani zo‘r berib ovoza qilinmoqda. Qaysidir oila bekalariga kambag‘allikdan chiqishi uchun tikuv mashinkalari va boshqa vositalar berilyapti.
Tabiiyki, bularning barchasi oilalar uchun qo‘shimcha imkoniyat, daromad vositasidir. Ammo ularning tahlili olib boriladimi? Yoki hammasi tezkorlik, shoshma-shosharlikda bajarilib, sarflanayotgan mablag‘ natija berish-bermayotganligi noma’lumligicha qolib ketaveradimi? Yuqoridagi misol aynan shunga ishora edi.
Nega biz xorij jamg‘armasi sarflayotgan mablag‘ning har bir tiyini ustida bosh qotiramizu, (to‘g‘rirog‘i, loyihani bajargach, bosh qotirishdan boshqa iloj ham bo‘lmaydi. Loyihada hammasi belgilangan) davlat pul sarflayotgan bunday mablag‘lar natijasini o‘ylamaymiz? Keyingi yillarda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga tarqatilayotgan turli ko‘rinishdagi (jo‘ja, ko‘chat, qoramol va h.k) subsidiyalar qanday natija bergani bilan hech kim qiziqqani yo‘q. Ba’zida hatto hisobot uchungina, aholi istamasada, ularga tovuq, jo‘jatarqatilganiga guvoh bo‘ldik. Bu davlat mablag‘ining samarasiz ishlatilayotganidan darak bermaydimi? Ehtimol, endilikda kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha tizim yaratilgani bu masalada o‘zgarish yasaydimi? Ammo hamon avvalgi yillardagi kabi faqat ro‘yxat bilangina ishlar amalga oshirilayotgani haqiqat. Ishlar tizimli tashkil etilayotgan bo‘lsa-da, kambag‘allikdan chiqishga bu sa’y-harakatlar yordam beradimi-yo‘qmi, hamon bu masala ochiqligicha qolmoqda. Sababi, har qanday subsidiyani ishlatish baribir inson omiliga borib taqaladi. Bu esa har bir holatda individual yondashuvni talab etadi. Umuman, mamlakatimizda kambag‘allikdan chiqishda qaysi mezonlarga e’tibor qaratish ma’qulroq bo‘lishi xususida iqtisodchi mutaxassisning fikrlaridan oldin kambag‘allik o‘zi nima va dunyo bunga qarshi qanday kurashmoqda, degan savollarga javob olsak.
2018 yilda ish bilan band aholining 8 foizi 1,9 dollardan kam mablag‘ga kun kechirgan
Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobotiga ko‘ra, 2000 yildan boshlab dunyo miqyosida qashshoqlik ko‘rsatkichlari ikki karra kamaygan bo‘lsa-da, rivojlanayotgan davlatlarda har o‘n kishidan bittasi kambag‘allik darajasidan past ko‘rsatkich bilan yashamoqda (xalqaro statistikaga ko‘ra, bu aholi jon boshiga bir kun uchun 1,9 AQSh dollarini tashkil qiladi). Bu borada Sharqiy va Janubi-sharqiy Osiyoda muvaffaqiyatlar ko‘zga tashlanadi, ammo Afrika janubidagi davlatlar aholisining 42 foizi qashshoqlikda umr kechiradi.
Qashshoqlik o‘zi nima? Qashshoqlik faqatgina aniq manzil makonda yashash uchun daromad va resurslarning yetishmasligi emas. U to‘yib ovqatlanmaslik, ta’lim, davolanish, ijtimoiy diskriminatsiya hamda turli qarorlar qabul qilinishida ishtirok etmaslik kabilar bilan belgilanadi. Misol uchun, 2015 yilda 736 million aholi qashshoqlik darajasida kun kechirgan. Dunyo aholisining 10 foizi qashshoqlikda yashab, sog‘liqni saqlash, ta’lim, sanitariya kabi tizimlardan foydalanish imkoniga ega emas. 25-34 yoshdagi kambag‘al har 100 nafar erkak kishiga shu ahvoldagi 122 nafar ayol to‘g‘ri kelmoqda. 2030 yilga borib, 160 million bola qashshoqlik darajasida yashashi ehtimoli juda katta.
O‘tgan o‘n yilliklar davomida turli davlatlar kambag‘allikka barham berishda yaxshi natijalarga erishdi. Xususan, 2015 yilda dunyo bo‘yicha 10 foiz aholi har kuni 1.9 dollardan kam mablag‘ga kun kechirgan bo‘lsa, 1990 yilda bu ko‘rsatkich 36 foizni tashkil qilgan, 1981 yilda esa 44 foiz aholi bir kunda shuncha mablag‘ ishlatgan. 2013 yilning aprelida Jahon banki 2030 yilga qadar qashshoqlikni 3 foizga qadar kamaytirishni rejalashtirgan. Qashshoqlikka qarshi kurashishda yaxshi natijalar kuzatilayotgan bo‘lsa-da, ammo uni amalga oshirish yo‘lida har bir davlat oldida o‘ziga xos qiyinchiliklar mavjud. Jumladan, Afrika davlatlaridagi o‘ziga xos murakkabliklar, dengizga chiqishiga imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlar, kichik orol mamlakatlar, shuningdek, mojarolar, notinchliklar hukm surayotgan, bu holatdan endigina chiqib ketgan davlatlar bu masalada turli qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Shu munosabat bilan BMT Bosh Assambleyasi kambag‘allik bilan kurashish bo‘yicha Uchinchi o‘n yillikka mo‘ljallangan Rezolyusiyani (2018-2027 yillar) qabul qildi. Ushbu Rezolyusiya Ikkinchi o‘n yillikda (2008-2017 yillar) erishilgan natijalar darajasini saqlab qolish hamda qashshoqlik bilan kurashishdagi rivojlanish hamda uni mustahkamlash yo‘lida samarali va muvofiqlashtirilgan vazifalarni amalga oshirishdan iborat.
Kambag‘allikdan rejaga ko‘ra tezroq chiqib ketayotgan davlatlar
Tahlillarga ko‘ra Xitoy hamda kutilmaganda Bangladesh davlatlari 2021 yilga borib BMT hamda Jahon bankining rejalaridan qariyb 10 yilga ilg‘orlab, qashshoqlikka butunlay barham berishi kutilmoqda. Shuningdek, Pokistonda ham bu borada ijobiy siljishlar bor ekan.
Gruziya esa bir necha yil davomida korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashdi va bu iqtisodiy o‘sishga olib keldi.
Xitoyda 1978-2017 yillar davomida 740 million aholi, ya’ni 94,4 foiz qishloq aholisi kambag‘allikdan chiqdi, deya xabar bergan 2018 yilda mamlakat statistika byurosi. Ushbu mamlakatda qishloq aholisining o‘rtacha daromadi har yili 10,4 foizga o‘sib borgan. Xitoyda qashshoqlik bilan kurashishda davlat hukmronligi va doimiy ravishda statistika yig‘ish amalga oshirilgan. Xitoy davlat kengashida davlatning qashshoqlikka qarshi kurashish bo‘yicha milliy dasturini amalga oshirish uchun qo‘mita ham tuzilgan. Mamlakatda shuningdek, sug‘urta, investitsiya, ijtimoiy ko‘mak, ma’lumotlar yig‘imi, tahlil va hisobot kabi ishlarni qamrab oluvchi kambag‘allikka qarshi kurashish tizimi yuzaga keldi. Davlat miqyosidagi yig‘ilishlardan birida Xitoy hukumati ushbu muammoga qarshi kurashda integratsiya g‘oyasiga e’tibor qaratib, odamlarda kambag‘allikni yengib chiqish uchun o‘zlariga nisbatan ishonchni shakllantirishga e’tibor qaratayotganini ta’kidlagan.
Qashshoqlikka qarshi kurashda xitoylik islohotchi va iqtisodchilar investitsiyalar hamda yangi ish o‘rinlari tashkil qilishni rag‘batlantirish va sanoatni optimallashtirishni o‘z ichiga olgan iqtisodning tarkibiy qismlariga manzilli yordam ko‘rsatishga tayandilar. 2016 yilda Xitoyning qishloq xo‘jaligini rivojlantirish banki qishloq hududlarida kambag‘allikni kamaytirish uchun besh yilga 460 milliard dollar mablag‘ ajratishini aytgan. Shuningdek, davlat korporatsiyalari 1,82 milliard dollar miqdoridagi investitsiya fondini kambag‘al hududlarda sanoat, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun tashkil etdi.
Shahar hududlarida esa qashshoqlikni yengish ish o‘rinlari tashkil qilish, aholining har bir qatlami ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimidan foydalanish imkoniga ega bo‘lishi orqali amalga oshirildi. 2018 yilda ishsizlik ushbu mamlakatda so‘nggi yillardagi eng past – 4 foiz ko‘rsatkichni tashkil qildi. Ammo hammasi faqat statistikada ko‘rsatilganiday oson kechgani yo‘q. Qishloq hududlarida kambag‘allikni kamaytirish ularni shaharga ko‘chirish bilan ham bog‘liq. O‘n yil davomida Xitoy 250 million aholini shaharga ko‘chirishni rejalashtirgan. Buning uchun yirik infratuzilmaga ega loyihalar amalga oshiriladi.
Bangladesh 2018 yilda kam rivojlanayotgan davlatlardan rivojlanayotgan davlatlar safiga qo‘shildi. 1971 yil Pokistondan ajralib chiqqan, doimiy ravishda suv toshqinlarini boshidan kechirayotgan ushbu mamlakat shu paytga qadar dunyodagi qashshoq mamlakatlar sirasiga kirgandi. Mustaqillikni qo‘lga kiritgan yillari Bangladeshning 82 foiz aholisi kambag‘al hisoblanardi. Internet tarmog‘iga Bangladesh deb qidiruvga bersangiz plastik chiqit ichida o‘ynayotgan yarim-yalang‘och bolalar, qurilishi tugallanmagan beton devorlardan iborat uylar, suv bosgan qishloqlar kabi kishi qalbini larzaga keltiruvchi fotosuratlar chiqib kelaverardi.
Ammo kutilmaganda 2000 yildan boshlab, ayniqsa, 2010 yillarga kelib mamlakat olg‘a qadam tashlay boshladi. Iqtisodiy o‘sish yiliga 6,5 foizni tashkil qildi, bu Hindiston va Pokistondan ko‘proq ko‘rsatkich sanaladi. Qashshoqlik esa 8,5 foizgacha qisqardi. Mamlakat aholisi o‘sishi ham tezlashmoqda, bu ko‘rsatkich yiliga 1,1 foizni tashkil qiladi.
Iqtisodiy o‘sishning siri tikuvchilik sanoatining rivojlanishi, arzon bozor hamda ishchilarning huquqsizligi bilan belgilanadi. Bangladesh Pokiston tarkibida bo‘lgan payti hukumat ishchilar harakatiga va separatizmning oldini olish maqsadida barcha kasaba uyushmalariga bosim o‘tkazib, ularning faoliyatsizligiga sababchi bo‘ldi. Bunday tartib keyin ham qolib, tadbirkorlarga ishchilarni arzon ishlatish uchun yaxshi imkoniyat yaratadi. Ammo iqtisodiy o‘sish kambag‘allikdan chiqish uchun vosita bo‘la olmadi. Iqtisod tezlik bilan o‘ssa-da, qashshoqlikning kamayish tempi sekinlashdi. Misol uchun 2005 dan 2010 yilga qadar qashshoqlik har yili 1,7 foizdan tushib borgan bo‘lsa, 2010 yildan 2016 yilgacha bu ko‘rsatkich 1,2 foizni tashkil qilgan. Bangladeshliklarning hayot tarziga Ganga va Braxmaputra daryolarining toshishi ta’sir ko‘rsatib, mahalliy aholining uyi va ekin-tikiniga jiddiy zarar yetkazdi. Suvga yaqin joylardagi uy-joylar nisbatan arzon bo‘lib, kambag‘al aholi shu yerga joylashadi va toshqindan himoyalanish uchun pul to‘lamaydi. Ular suv toshqinidan himoya qiladigan qurilmalar qurilishida tekin ishlashga rozi bo‘lishadi.
Faqat ishsizlar emas, ishlilarni ham kambag‘allikdan chiqarish kerak
- Kambag‘al aholi deganda ikki toifani nazarda tutish mumkin, - deydi iqtisod fanlari doktori, professor Murod MUHAMMEDOV. – Birinchi toifa kambag‘al aholi - bu o‘z hayotini tuzatishni istamaydigan, istasa-da, bunga harakat qilishga dangasalik qiladiganlar. Ikkinchi toifasi esa ma’lum sabablar tufayli shunday holga kelib qolgan, ishlashni istaydigan, ammo ba’zi sabablar bilan bunga imkon topolmagan insonlardir. Bugun shu insonlarga minimal darajada shart-sharoit yaratib, ozroq madad berilsa, ular o‘z ro‘zg‘orini uddalab ketishi mumkin. Mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish choralari ko‘rilayotgani, bu haqda manzilli dasturlar tuzilayotgani oddiy xalq to‘g‘risida g‘amxo‘rlikning yuksak namunasi. Qolaversa, ushbu choralar faqat bir tomonlama emas, turli sohalarni qamrab olgan holda amalga oshirilmoqda.
Ammo mening nazarimda, mamlakatimizda kambag‘allikka qarshi kurashning eng istiqbolli choralari qishloq xo‘jaligini jadal rivojlantirish bilan uzviy bog‘liq. Modomiki, uni rivojlantirishga katta e’tibor berilmas ekan, aholining kambag‘allikdan tez chiqib ketishi juda qiyin. Birinchidan, respublikamiz aholisining qariyb yarmi, ya’ni 49 foizi qishloq hududlarida istiqomat qiladi. Afsuski, ular qishin-yozin mehnat qiladi, ammo bu mehnati orqali yetarlicha daromad ololmaydi. Qishloq xo‘jaligida daromad olish uchun dehqonga yordam juda muhim. Lekin mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasiga kiritilayotgan investitsiya bor-yo‘g‘i 3,5 foizni tashkil etadi. Asosiy investitsiya sanoat korxonalari, shuningdek, iqtisodiyotningboshqa sohalariga yo‘naltiriladi. Natijada dehqonchilik qilish uchun kuchli rag‘bat, mehnatga munosib daromad olish imkonini beruvchi unumli ish o‘rinlari mavjud emas. To‘g‘ri, bu yil kambag‘allikni qisqartirish maqsadida joylarda aholiga dehqonchilik bilan shug‘ullanishi uchun subsidiyalar va boshqa imtiyozlar berilmoqda. Ammo bu qishloq aholisini kambag‘allikdan chiqarish uchun yetarli chora emas.
Fermer xo‘jaliklari uchun davlat buyurtmasining bekor qilinayotgani, klaster tizimiga o‘tilganini juda katta o‘zgarish sifatida baholash mumkin. Yaponiyada qishloq xo‘jaligidan olingan daromad mamlakat yalpi ichki mahsulotiga qo‘shilgan hissa 51 milliard AQShdollarini tashkil qiladi, Norvegiyada esa bu ko‘rsatkich 106 milliard dollar. To‘g‘ri, bu rivojlangan davlatlar ko‘rsatkichi. Ammo mamlakatimiz ham qishloq xo‘jaligi rivojiga jadalroq yangiliklar kiritmas ekan, tarmoqqa yo‘naltirilgan investitsion resurslarni ko‘paytirmas ekan, bu masalada sezilarli darajada siljish ham bo‘lmaydi, natijada aholini kambag‘allikdan chiqarish holati ham shunday holda qoladi.
Kambag‘allikni qisqartirishda faqat ishsiz aholini nazarda tutish to‘g‘ri emas. Mamlakatimizda ishlayotgan bo‘lsa-da, ammo maoshi ro‘zg‘orini tebratishga yetmaydigan oilalar ham juda ko‘p. Bu ish beruvchilarning, xususan tadbirkorlarning kam oylik berib, ko‘proq foyda olaman, degan tamoyilidan kelib chiqadi. Vaholanki, sovet tizimidan sarqit bo‘lib qolgan bu noto‘g‘ri siyosat ishlab chiqarishni o‘stirishga ham, tadbirkorlikni rivojlantirishga ham, yalpi daromadni ko‘paytirishga ham, ishlab chiqarilgan mahsulotning sifatiga ham katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Tadbirkorlarimiz kam maosh berish orqali birinchidan, ish sifatini ko‘tarolmaydi, ikkinchidan mahsulotining (xizmat ko‘rsatish turi, savdo va boshqa) xaridorgirligini oshirolmaydi. Demakki, tadbirkorning daromadi bir qaraganda ishchilarga kam oylik-maosh to‘lash hisobidan ko‘payayotganday ko‘rinsa-da, ammo uzoq yil faoliyat yuritib, o‘z ishini yuksaltiraman, degan tadbirkor agar shu usulda ishlashni davom ettirsa, yildan-yilga kasodga uchray boshlaydi. Mamlakatimizda yangidan yaratilgan daromadning tarkibida yollanma ishchilarning ulushi juda past, bu umumiy daromadning 27-30 foizini tashkil qiladi. Faqat respublikamizning Toshkent hamda Navoiy viloyatlarida bu ko‘rsatkich ancha baland, ya’ni u 45 foiz. Rivojlangan davlatlarda bu ko‘rsatkich 60 foiz atrofida. Shuning uchun kambag‘allikni qisqartirishda bugun nomiga ish bilan ta’minlangan, aslida juda kam maosh evaziga kun ko‘rayotgan aholini ham e’tiborga olish muhim ahamiyatga ega.
Keyingi paytda sektor rahbarlari bo‘lgan prokurorlar, ichki ishlar idoralari rahbarlari, bank mutasaddilari aholiga kambag‘allikdan chiqishda yordam, maslahat berdi, degan ma’lumotlar tez-tez qulog‘imizga chalinmoqda. Sektor rahbari ishni tashkillashtirib berishi mumkindir, kambag‘allikni qisqartirishda aholiga moliyaviy ko‘mak berishi bir tomondan quvonarlidir. Ammo ikkinchi tomondan bu manzilli yordam emas, balki, ko‘proq xayriya yordami sifatida qabul qilinadi. Shu sababli bu borada olib borilayotgan ishlar tizimli ekanligi shubha tug‘diradi.
Xullas, endigina tan olingan muammo bilan kurashish boshlandi. Uni tizimli, aniq va shaffof tashkil etish, statistik raqamlar, natijani hisoblab tahlil qilib borilishidan umidvormiz.
Gulruh MO‘MINOVA,
«Zarafshon» muxbiri.