2 mart – O‘zbekiston Respublikasi Birlashgan Millatlar Tashkilotiga (BMT) a’zo bo‘lgan kun

Birlashgan Millatlar Tashkiloti yer yuzida tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, davlatlararo hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan eng nufuzli xalqaro tuzilmadir.

BMT a’zosi bo‘lgan har bir davlat xalqaro munosabatlarning asosiy tamoyillari aks etgan, xalqaro shartnomalardan iborat BMT Nizomidagi majburiyatlarga rioya qiladi.

Ushbu Nizomda Tashkilotning to‘rtta asosiy vazifasi, ya’ni xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga ko‘maklashish, millatlar o‘rtasida do‘stona aloqalarni rivojlantirish, xalqaro muammolarni hal etish va inson huquqlarini hurmat qilishni rag‘batlantirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va ushbu umumiy maqsadlarga erishishda millatlarning sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish belgilab qo‘yilgan.

BMT tarkibida 6 ta bosh organ mavjud bo‘lib, beshtasi – Bosh Assambleya, Xavfsizlik Kengashi, Iqtisodiy va ijtimoiy Kengash, Vasiylik Kengashi va Kotibiyat Nyu-Yorkdagi markaziy qarorgohda, Xalqaro sud esa Niderlandiyaning Gaaga shahrida faoliyat yuritadi.

O‘zbekiston 1992 yil 2 martda BMTga a’zo bo‘lgan. Shu kundan e’tiboran BMT bosh qarorgohi peshtoqida davlatimiz bayrog‘i hilpiray boshladi. 1993 yil 24 oktyabrda Toshkentda BMTning vakolatxonasi ochildi. BMTda ham O‘zbekiston Respublikasining doimiy vakolatxonasi ish boshladi.