2 milliard so‘mlik dori vositalarining noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi
Joriy yilning 28 oktyabr kuni Namangan shahrida yashovchi 37 yoshli S.X. hamda 34 yoshli A.O‘. boshqaruvidagi "Lacetti" Namangandan Toshkent tomon harakatlanadi. Harakat davomida avtotransport vositalari «Chinor» YPX maskanida xolislar ishtirokida ko‘zdan kechiriladi. Ko‘zdan kechirish vaqtida avtotransport vositalarining yukxona va salonida birlamchi taxminiy narxi 2 milliard so‘mga teng bo‘lgan bir necha turdagi dori vositalari hech qanday hujjatsiz Toshkent shahriga olib ketilayotganligi aniqlangan va rasmiylashtirilib olingan.
Qo‘lga olingan shaxslar bilan olib borilgan surishtiruv davomida ular ushbu dori-vositalarini tanishi – Namangan shahrida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan S.A. Toshkent shahriga olib borib berish uchun buyurtma sifatida olganliklari aniqlangan.
Toshkent viloyati IIBB axborot xizmatining xabar berishicha, hozirda ushbu holat yuzasidan viloyat IIBB JQB giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan qo‘shimcha surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.