2019 yil 1 martdan maktabga o‘quvchilar davlat xizmatlari markazi orqali qabul qilinadi

Farmonga ko‘ra:

- 2019 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan tumanlar va shaharlar kesimida tanlash asosida umumta’lim muassasalari faoliyati samaradorligi bo‘yicha reytingi tuziladi. Reyting yakunlari ommaviy axborot vositalarida va Davlat inspeksiyasining veb-saytida keyingi o‘quv yili boshlanishidan kechiktirmay joylashtiriladi;

- 2019 yil 1 yanvardan boshlab umumta’lim muassasalari xodimlari bo‘lgan pensionerlarga, ularning ushbu muassasalardagi faoliyati asosiy ish joyi hisoblangan taqdirda, pensiya to‘liq miqdorda to‘lanadi;

- 2019 yil 1 martdan boshlab davlat umumta’lim muassasalariga bolalarni Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilish tartibi bosqichma-bosqich joriy etiladi;

 - 2018 yil 1 oktyabrdan boshlab umumta’lim muassasalarining vasiylik kengashlarini tugatilib, muassasa faoliyatiga jiddiy hissa qo‘shishga qodir eng faol ota-onalar, bitiruvchilar, homiylar va boshqa shaxslar kiritiladigan, yuridik shaxs maqomisiz umumta’lim muassasalarining kuzatuv kengashlari tashkil etiladi.

Mazkur hujjat bilan Xalq ta’limi vazirligi:

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2019 yil 1 fevralga qadar muddatda O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilga qadar umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’limni tizimli, mintaqaviy va maqsadli rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini, shuningdek, uni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasini” o‘z ichiga olgan Xalq ta’limi tizimini rivojlantirishning uzoq muddatli konsepsiyasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

- Qurilish vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda yetakchi loyiha institutlarini jalb qilgan holda, umumta’lim muassasalarini qurishning xalqaro tajribasini o‘rganib, 2019 yil 1 yanvarga qadar muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Zamonaviy maktab” Davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasini kiritadi.

"Zamonaviy maktab" Davlat dasturiga ko‘ra, kelgusida ekologik jihatdan toza materiallar va energiyaning muqobil manbalaridan foydalangan holda ishlab chiqilgan namunaviy loyihalar asosida zamonaviy maktablar quriladi.

Maktablar, shu jumladan, o‘quv sinflari yangi qulay mebellar, zamonaviy o‘quv va laboratoriya uskunalari, darsliklar va o‘quv-uslubiy materiallar, kompyuter va multimedia texnikasi, videokuzatuv tizimlari bilan jihozlanadi.