2019–2022 yillarda Samarqand shahrida avtomobil yo‘llari rekonstruksiya qilinadi: tonnel va ko‘priklar barpo etiladi

Samarqand viloyatida amalga oshiriladigan qurilish-bunyodkorlik ishlari bo‘yicha bir qator Hukumat qarorlari qabul qilindi (412-, 413-, 415-son, 17.05.2019 y.), deb xabar bermoqda huquqiy axborot kanali.

Shunga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on tumanida sement ishlab chiqarish bo‘yicha umumiy qiymati 340 mln AQSh dollari miqdoridagi investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Loyihani amalga oshirish natijasida 600 yangi ish o‘rni yaratiladi.

Mazkur investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida “Hengyuan cement” qo‘shma korxonasi 2021 yil 1 yanvarga qadar:

- yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i to‘lashdan;

- yer qa’ri uchastkasidan foydali qazilma konlarining har bir tijoratbop topilmasi uchun to‘lanadigan “tijoratbop topilma bonusi” to‘lashdan ozod qilinadi.

Shuningdek, 2021 yil 1 iyulga qadar viloyatda Bulung‘ur suv ombori quriladi. Bu bo‘yicha loyihaning asosiy texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.

Loyihaning umumiy qiymati 46 mln AQSh dollaridan ziyodni tashkil etadi. Suv omborini ishga tushirish natijasida 51 nafar kishi yangi ish o‘rniga ega bo‘ladi.

2019–2022 yillarda Samarqand shahrida quriladigan, ta’mirlanadigan va rekonstruksiya qilinadigan avtomobil yo‘llari, barpo etiladigan tonnel va ko‘priklarning manzilli ro‘yxati tasdiqlandi.

Shunga binoan, jami 2,7 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ uzunligi 103 km.ni tashkil etuvchi avtomobil yo‘llarining qurilish va ta’mirlanishi, tonnel va ko‘priklar barpo etilishi uchun sarflanadi.