2020 yil 1 avgustdan Samarqandda jamoat transportlari uchun elektron “proyezdnoy” joriy qilinadi
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 noyabrdagi “Umumiy foydalaniladigan transportda yo‘lovchi tashishda yo‘lkira haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yil 28 noyabrda viloyat hokimining 322-Q-sonli qarori qabul qilingan.
Unga ko‘ra, viloyatimizda jamoat transportida yo‘lovchilarni tashishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali aholiga transport xizmatlari ko‘rsatish sifati yaxshilanadi. Shuningdek, yo‘lkira haqini yig‘ishda shaffoflikni ta’minlash hamda yo‘lovchi tashish tizimini takomillashtirishga erishiladi.
Umumiy foydalaniladigan transportda yo‘lovchi tashish uchun yo‘lkira haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Mazkur dastur 2020 yil 1 avgustdan boshlab Samarqand shahridagi jamoat transportlari yo‘nalishlarida qo‘llanilsa, 2021 yilning 1 yanvaridan viloyatimizning barcha hududlarida ko‘rsatilgan yo‘lovchi tashish xizmatlari uchun amalga oshiriladi.