2020 yilda Samarqand shahar jamoat transportida nima o‘zgaradi?

Samarqand shahri va shahar atrofi yo‘nalishlarini zamonaviy, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan transport vositalari bilan ta’minlash, haydovchilar hamda texnik hodimlarning malakasini oshirish maqsadida zamonaviy avtobuslarga servis xizmatini ko‘rsatish tizimini joriy etish uchun Xitoy Xalq Respublikasidagi “Foton”, “Yutong”, “Asiastar”, “Zhontongbus” avtomobil zavodlari o‘rganilmoqda.

Viloyat hokimi E.Turdimov tashabbusi bilan transport boshqarmasi boshlig‘i I.Xamrayev tomonidan Xitoy avtobus zavodlarida muzokaralar o‘tkazildi.

2020 yilda Samarqand shahriga 100 ta katta hajmli (9,5 metr), barcha qulayliklarga ega bo‘lgan zamonaviy avtobuslar olib kelish hamda shaharning aeroport, temiryo‘l vokzali va markaziy ko‘chalari orqali harakatlanadigan yo‘nalishlarga joylashtirish rejalashtirilgan.

Ushbu avtobuslar 2020 yilning 2-choragida olib kelinishi va markaziy ko‘chalar orqali harakatlanadigan avtobus yo‘nalishlariga qo‘yilib, mavjud yo‘nalishlarda ishlab kelgan “Isuzu” rusumli avtobuslarni shahar atrofi yo‘nalishlariga chiqarish rejalashtirilgan.

Shaharda yo‘lovchi tashuvchi korxona tashkil etish va qulay sharoitlarga ega zamonaviy avtobuslar hamda yengil yo‘nalishsiz taksilar bilan ta’minlashni bosqichma-bosqich yangilab borish, yo‘lovchi tashish transportining iqtisodiy jihatdan foydali va ekologik toza turlarini kompleks rivojlantirish, aholini transport xizmatlari bilan ta’minlash sifatini oshirish, yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ko‘chaytirish masalalari ko‘zda tutilgan. Sohada bozor munosabatlarini rivojlantirish asosida tabiiy gazda va elektr energiyasida ishlashga moslashgan transport vositalaridan samarali foydalanish tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish, transport vositalariga servis xizmatlari ko‘rsatish, gaz va elektr energiya quyish shoxobchalarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Samarqand shahriga qo‘shni viloyatlar, tuman markazlari hamda qishloqlardan kirib keladigan transport vositalarining tirbandliklar keltirib chiqishining oldini olish maqsadida shaharning chekka nuqtalaridan, ya’ni Samarqand shahrining Cho‘ponota massivida zamonaviy avtovokzal, Qorasuv massividan, Samarqand tumanining Chumchuqli, Gulobod hamda Past Darg‘om tumanining Chortut mahallalaridan 1 tadan jami 4 ta avtostansiya qurish belgilangan.

Ushbu avtostansiyalar qurilishi natijasida shahar atrofidan kirib kelayotgan yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari, shahardagi yo‘nalishlar bilan bog‘lanadi va shaharda turli xil tirbandliklar kamayadi, aholiga qulay shart-sharoitlar yaratiladi.

Shahardagi mavjud oraliq bekatlarning bir xilligini ta’minlab, bosqichma-bosqich yangilab borish hamda yo‘lovchilarga zamonaviy sharoitlar yaratish ham nazarda tutilgan.

Prezidentimizning 2019 yil 6 martdagi PQ-4230-sonli qarori asosida tasdiqlangan “Yo‘lovchi va yuk tashishni yanada rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi”ning 18-bandida Transport vazirligiga hududiy rejalashtirish uchun transport tizimini makro va mikro modellashtirish vazifasi yuklatilgan.

Mazkur qarorga asosan Transport vazirligi tomonidan “A+S Transproyekt” kompaniyasi (Rossiya) bilan Samarqand shahri transport tizimini rivojlantirishning samarali mexanizmlarini yaratish va amaliyotga joriy etish yuzasidan muzokaralar olib borildi.

Muzokaralar natijasida Transport vazirligi tomonidan transport tizimini metamatik modellashtirish orqali tahlil qilish imkonini beradigan zamonaviy texnologiyalar va dasturiy ta’minot jamlanmasini xarid qilish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Samarqand shahri transport tizimini kompleks rivojlantirish rejasi xavfsiz va qulay piyodalar yo‘laklarini, velosiped va elektrotransport infratuzilmalarini joriy etishni, shuningdek, yo‘l o‘tkazgichlar samaradorligini oshirishni, aholining kunlik transportga sarflaydigan vaqtining tejalishini, shaharda transport harakatini maqbullashtirishni o‘z ichiga oladi.

Bugungi kunda shahar transporti yo‘nalishlarini tubdan ko‘rib chiqib, ularni o‘zgartirish, ya’ni uzaytirish, qisqartirish va shahar yo‘llarida aholi soniga qarab, ko‘chalar bo‘yicha yo‘nalishlarni joylashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati.