2020 yilda sog‘liqni saqlash sohasida qanday yangiliklar kutilmoqda?

✔ Ushbu yilda 34 ta (4 ta oilaviy poliklinika, 10 qishloq oilaviy poliklinikasi va 20 ta qishloq vrachlik punkti) birlamchi tibbiy muassasalar tashkil etiladi. Buning natijasida homiladorlar, bir yoshgacha bo‘lgan bolalar, nogironlar, dispanser nazoratida turgan bemorlar, qariyalar va yakka-yolg‘izlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati oshadi.

✔ Viloyat aholisiga yuqori texnologik zamonaviy kardiologik xizmatni rivojlantirish maqsadida 50 o‘rinli endovaskulyar xirurgiya bo‘limi ochiladi.

✔ Viloyatda tibbiyot muassasalarining dori-darmonlar, tibbiy jihozlar va zamonaviy tekshirish hamda davolash apparaturalari bilan yetarli darajada ta’minlanishi natijasida turli kasalliklar va ularning oldini olish bo‘yicha ishlar samaradorligi 2 barobarga ko‘payadi.

✔ Davlat dasturi asosida muassasalarning 3 tasida (Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazining viloyat filiali qurilishi, Samarqand shahar10-oilaviy poliklika binosini rekonstruksiya qilish, Samarqand davlat tibbiyot institutining 2-ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan bolalar xirurgiyasi klinikasini rekonstruksiya qilish) olib borilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari 2020 yilda yakunlanadi.

✔ Viloyat tibbiyot muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan tibbiyot hodimlarining yo‘nalishi bo‘yicha sohaviy bilimlarini uzluksiz oshirib borish maqsadida Respublika va xorijiy davlatlarning yetakchi klinikalarida davlat hisobidan malaka oshirish jarayonini tashkil etish natijasida 200 nafardan ziyod xodimlarning bilim va tajribalari oshiriladi. Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat samaradorligining oshishi natijasida bemorlarning boshqa viloyatlar va davlatlarda ixtisoslashgan tibbiy yordam olishiga hojat qolmaydi.

✔ Tibbiyot hodimlarining oylik maoshlari ular tomonidan bajarilgan ishlar reytingiga asosan oshirilishi va rag‘batlantirishning yo‘lga qo‘yilishi natijasida mazkur tibbiyot hodimining o‘z ustida yanada chuqurroq ishlashi, ilmiy izlanishga va xizmat ko‘rsatish doirasining kengayishiga zamin yaratadi. Binobarin, tibbiy xizmat sifatining oshishi bemorlarni sog‘lomlashtirish jarayoni yanada yengillashishiga xizmat qiladi.

✔ O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan o‘tgan yilning 15 noyabr kuni farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish, aholini dori vositalari bilan ta’minlash borasidagi ishlar tahlili va galdagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash muassasalarini arzon va sifatli dori-darmon vositalari bilan to‘liq ta’minlash holati ko‘rib chiqilib, bu borada shaffoflik va oshkoralikni ta’minlash, davlat tibbiyot muassasalari uchun dorilar xaridi, ularni saqlash va yetkazib berishning yangi tartibi belgilandi.

Ya’ni, Sog‘liqni saqlash vazirligi markazlashgan xaridlar bo‘yicha tenderlar tashkil etadi va xaridlar shaffofligini ta’minlaydi. Tender g‘oliblari dori vositalarini markazlashgan xarid qilish, saqlash va davlat tibbiyot muassasalariga yetkazib berish xizmatlarini amalga oshiradi.

✔ Chet ellik bemorlarni qabul qilish, davolash va ularga sifatli servis xizmatlarini tashkil qilish uchun yangi “GOLD”, “VIP” tur paketlari ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etish orqali tibbiy turizmni rivojlantirish va xorijiy tajribalar asosida davolash uchun keluvchilar sonini o‘tgan yilga nisbatan 30 foizga oshirishga erishiladi.

✔ Davlat-xususiy sheriklik asosida muassasalar tashkil qilinishi natijasida 120 tadan ortiq ish o‘rni yaratiladi.