2020 yilda viloyatda 11 ming tonna baliq yetishtirildi. Bu ko‘pmi yo kam?
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, inson yil davomida 12 kilogramm baliq iste’mol qilishi kerak. Xo‘sh, Samarqandda baliq iste’molini bu miqdorga yetkazish uchun qanday tadbirlar amalga oshirilyapti?
Joriy yilning 1 yanvari holatida viloyatda 465 ta baliqchilik xo‘jaligi faoliyat yuritib, ularning jami suv havzasi 9 660,7 gektarni, shundan tabiiy suv havzalar 8 108 gektar va sun’iy suv havzalar 1 552,7 gektarni tashkil etadi. 2020 yilda baliqchilik xo‘jaliklari va bu yo‘nalishdagi boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan 11 ming 457 tonna baliq mahsuloti ichki iste’mol bozoriga yetkazib berildi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 19 fevraldagi “Naslchilik xo‘jaliklari maqomini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan 2021 yilda Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Kattaqo‘rg‘on jayhuni” hamda Past Darg‘om tumanidagi “Po‘lat baliq havzasi” fermer xo‘jaliklariga baliqlarning karp zotini ko‘paytirish bo‘yicha naslchilik maqomi berildi.
Samarqand tumanidagi “Oq amur baliqlari” fermer xo‘jaligi tomonidan viloyat fermerlari uchun har yili 500 ming donadan ortiq baliq chavoqlari yetkazib berilmoqda. Baliqning oq amur, oq do‘ngpeshona, zog‘ora singari zotlari sun’iy hovuzlarda intensiv usulda yetishtirilib, talabgorlarga arzon narxlarda yetkazib berilayotgani bozorlarga chiqarilayotgan mahsulot tannarxini pasaytirish imkonini bermoqda.
O‘tgan yilda viloyatdagi ko‘plab fermer xo‘jaliklariga 20 tonnaga yaqin baliq chavoqlari yetkazib berildi. Shu bilan birga, ichki bozorga 140 tonna parhez mahsulot sotuvga chiqarildi.
Ushbu fermer xo‘jaligi mutaxassislari baliqchilikni sun’iy havzalarda “qafas” usulida rivojlantirishga ham alohida e’tibor berishmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday usul sun’iy hovuz suvini yangilab turish imkonini beradi. Fermer xo‘jaligi tomonidan baliqchilik sohasiga qiziqish bildirayotganlarga to‘laqonli ma’lumot berish maqsadida tumanning “Guliston” muqobil mashina traktor parki hududida qiymati 27 milliard so‘mlik “Baliqchilik kompleksi” va ekobog‘ bunyod etilmoqda. Mazkur loyihalar ishga tushsa 28 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Jomboy tumanidagi “Vladimir tillo baliq” fermer xo‘jaligi tomonidan 3,6 gektar maydonda joylashgan sun’iy suv havzasida baliqning sazan, karp, asyotr, telyapiya zotlari ko‘paytirilmoqda.
“O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi axborot xizmati.