2021 yilda Samarqanddagi 130 ob’yektda qurilish ishlari uchun 825 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi
Viloyatda 2020 yil Investitsiya dasturi asosida 101 ta ijtimoiy soha ob’yekti qurilishi uchun 376 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Bunda 32 maktab, 41 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 19 ta sog‘liqni saqlash, 2 ta oliy ta’lim va boshqa turdagi 7 ta ob’yektda qurilish-rekonstruksiya qilish ishlari rejalashtirilgan.
Bu haqda viloyat bosh arxitektori Hayot Mirzayev ishtirokidagi brifingda ma’lum qilindi.
Hozirgacha ob’yektlarning 99 tasi foydalanishga topshirilgan va qolgan ob’yektlarda joriy yilda qurilish-ta’mirlash ishlari davom ettiriladi.
2020 yilda Inqirozga qarshi kurashish dasturi asosida 28 ta maktab va maktabgacha ta’lim muassasasida rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash uchun 77 milliard so‘m yo‘naltirilib, barcha ob’yektlar foydalanishga topshirildi.
Yuqorida sanab o‘tilgan ob’yektlardan jami 48,3 milliard so‘m mablag‘ iqtisod qilindi. Tejalgan mablag‘ning 7,2 milliard so‘mi 2018 yilda 30 ta umumta’lim maktabi uchun qurilgan sportzal ob’yektlari va 2,5 milliard so‘m 2019 yilda rekonstruksiya qilingan 1 ta sog‘liqni saqlash ob’yektiga yo‘naltirildi. 8,4 milliard so‘m dasturga qo‘shimcha ravishda 3 ta umumta’lim maktabni mukammal ta’mirlash hamda 11,8 milliard so‘m 6 ta maktabgacha ta’lim muassasasini rekonstruksiyasi uchun ajratildi.
2021 yilda viloyatimizda investitsiya dasturi asosida 130 ta ob’yektda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borish uchun 825,1 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Shundan, dastur doirasida 460 milliard so‘m miqdoridagi markazlashgan mablag‘lar hisobidan jami 89 ta ob’yektda, ya’ni 39 ta umumta’lim maktabi, 16 ta maktabgacha ta’lim, 8 ta sog‘liqni saqlash, 3 ta kasb-hunar kolleji va 23 ta boshqa ob’yektlarda qurilish, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.