2022 yilda qishloq xo‘jaligi sohasida 7695 ta qonunbuzilish holati aniqlangan

Bu haqda viloyat Matbuot uyida “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi boshlig‘i Davron Ochilov ishtirokida 2022 yil qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, o‘tgan yili “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi va tumanlardagi bo‘limlari tomonidan qishloq xo‘jaligi sohasida 13 ming 579 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilib, 7695 ta qonunbuzilish holati aniqlangan. Ushbu qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish maqsadida 5241 ta klaster korxonalari va fermerlar ishtirokida profilaktik tadbirlar o‘tkazilib, yil davomida 15 mingdan ortiq klaster korxonalari, fermer va dehqon xo‘jaliklari rahbarlariga amaliy ko‘mak berilgan.

- 2022 yilda 11 ming 87 gektar maydonda zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi, - deydi  D.Ochilov. - Jumladan, 4 ming 66 gektar paxta, 3 ming 673 gektar bog‘, 2 ming 909 gektar tok, 439 gektar boshqa qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida tomchilatib sug‘orish, 911 gektar g‘alla maydonlari va 233 gektar boshqa qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari o‘rnatildi.Shuningdek, viloyatdagi  466 ta urug‘chilik fermer xo‘jaliklarining  9 ming 302 gektar urug‘lik maydonlaridan 2 ming 436 tonna “Superelita”, 20 ming 677 tonna “Elita” hamda 5 ming 967 tonna “R-1”avlodli, jami 29 ming tonnadan ortiq urug‘lik don jamg‘arildi. 

Anjumanda 2023 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ishlar haqida ham so‘z bordi. Bu haqda boshqarma boshlig‘i jurnalistlar savollariga javob o‘rnida batafsil ma’lumot berdi.

F.RO‘ZIBOYeV.