2022 yilda viloyat byudjet daromadlari 4,5 trillion so‘mga yetkaziladi
Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari ellik uchinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov boshqargan sessiyada viloyat mahalliy byudjetining 2021 yilda kutilayotgan ijrosi hamda 2022 yil uchun belgilangan asosiy parametrlari to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
– 2021 yilning 9 oyi davomida viloyatning mahalliy byudjet daromadlari 2 trillion 241 milliard so‘mni yoki prognozga nisbatan 115 foizni tashkil etdi, – dedi E.Turdimov. – 317 milliard 800 million so‘m mablag‘ mahalliy byudjet ixtiyorida qoldirildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yil yakuni bilan byudjet daromadlari 3 trillion 173 milliard 700 million so‘m (117 foiz)ga bajarilishi kutilmoqda. Ya’ni, prognozdan 450 milliard so‘m ko‘p bo‘ladi. 2022 yilda ham byudjetning daromadlar qismini yanada oshirib bajarishni o‘z oldimizga maqsab qilib belgilashimiz kerak. Daromadning ko‘p bo‘lishi ta’lim, tibbiyot sohalarini rivojlantirish, infratuzilmani yangilash, aholini ijtimoiy himoya qilish imkoniyatlarimizni kengaytiradi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan viloyat moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i B.Mirzayev axborot berdi.
Qayd etilishicha, 2022 yilda soliq-byudjet siyosatini takomillashtirish bo‘yicha viloyat byudjeti daromadlari 3 trillion 956 milliard so‘m, xarajatlari 4 trillion 963 milliard so‘m hamda respublika byudjetidan mahalliy byudjetga tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar 1 trillion 8 milliard so‘mni tashkil qilishi kutilmoqda.
Muhokama jarayonida viloyat byudjet daromadlarini 4,5 trillion so‘mga yetkazishni ko‘zlab harakat qilish lozimligi ta’kidlandi.
Sessiyada ta’kidlanishicha, 2022 yildan boshlab mahalliy davlat hokimiyati organlarining mas’uliyati va manfaatdorligini kuchaytirish hamda vakolatlarini kengaytirish maqsadida quyidagi xarajatlarni ham viloyat byudjetidan moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan:
- advokatlar tomonidan ko‘rsatilgan yuridik yordam uchun haq to‘lash;
- ko‘p kvartirali uy-joy fondiga tutash hududlarni ta’mirlash xarajatlari;
- issiqlik tarmoqlari va qozonxona uskunalarini kapital ta’mirlash xarajatlari;
- investitsiya dasturlari asosida umumta’lim muassasalarini, maktabgacha ta’lim tashkilotlarini, sog‘liqni saqlash muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash, tuman va shahar markazlarini obodonlashtirish va sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tadbirlari doirasida ob’yektlarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda ta’mirlash-tiklash xarajatlari.
Yana bir muhim o‘zgarish, tadbirkorlik va aholi bandligini ta’minlash maqsadida mahallabay ishlashning yangi tizimi, ya’ni hokim yordamchilari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi va buning uchun 83,6 milliard so‘m mablag‘ nazarda tutilgan. Hokim yordamchilarining tavsiyalari asosida mahalla infratuzilmasini yaxshilash xarajatlar uchun 28,6 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.
Sessiyada muhokama etilgan masala yuzasidan Kengashning qarori qabul qilindi.